Naked Science xabariga koʻra, tadqiqotni AQShning Santa-Barbaradagi Kaliforniya universiteti olimi Deron Berkepayl boshchiligidagi xalqaro jamoa oʻtkazgan. Ilmiy ish Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida chop etilgan.
Fillar tirikligida koʻp miqdorda oʻsimlik yeyishi, shoxlarni sindirishi va baʼzan daraxtlarni yiqitishi orqali savanna manzarasini oʻzgartiradi. Olimlar ularning oʻlimidan keyin ekotizimga taʼsiri qancha vaqt saqlanishini oʻrgangan.
Tadqiqotchilar fillar oʻlgan 40 ta joyni tekshirgan. Qoldiqlarning yoshi sakkiz kundan 2814 kungacha, yaʼni qariyb 7,7 yilgacha boʻlgan.
Har bir joyda fil qoldiqlaridan 0,5 va 2,5 metr masofadagi tuproq hamda oʻsimliklar oʻrganilgan. Natijalar 15 metr uzoqlikdagi nazorat maydonlari bilan taqqoslangan. Shuningdek, mikroorganizmlar DNKsi tahlil qilinib, hayvonlarning oziqlanishi fototuzoqlar yordamida kuzatilgan.
Eng katta oʻzgarish tuproqning kimyoviy tarkibida qayd etilgan. Fil qoldiqlari yaqinida ammoniy miqdori nazorat maydonlariga nisbatan oʻrtacha 31 baravar, nitratlar yetti baravar, fosfor esa uch baravar yuqori boʻlgan.
Ayrim yangi qoldiqlar yaqinida tuproqdagi azot birikmalari miqdori odatiy darajadan qariyb 3000 baravargacha oshgan. Bu koʻp tonnali hayvon tanasi parchalanishi natijasida katta hajmdagi organik moddalar tuproqqa tushishi bilan izohlangan.
Biroq ozuqa moddalarining koʻpligi oʻsimliklarga hamisha foyda keltirmagan. Ammoniyning juda yuqori konsentratsiyasi ularga zaharli taʼsir qilishi mumkin. Shu sababli yangi qoldiqlar atrofida oʻsimliklar oʻsishi uchun noqulay sharoit yuzaga kelgan.
Fil qoldiqlari yaqinida oʻsimliklar xilma-xilligi nazorat maydonlaridagidan ancha past boʻlgan. Bu farq hatto 7,7 yillik qoldiqlar atrofida ham saqlangan.
Tuproqdagi bakteriyalar va zamburugʻlar xilma-xilligi ham kamaygan. Ayni paytda organik moddalarni parchalovchi mikroorganizmlar faolligi bir-ikki yil davomida yuqori boʻlib turgan.
Qizigʻi, bunday joylarda oʻsishga muvaffaq boʻlgan oʻtlar toʻyimliroq boʻlgan. Ularning barglaridagi azot miqdori nazorat maydonlariga nisbatan oʻrtacha 1,5 baravar yuqori chiqqan. Bu xususiyat eski qoldiqlar atrofida ham kuzatilgan.
Fototuzoqlar impala antilopalari va buyvollar fil qoldiqlari yaqinida nazorat maydonlariga qaraganda taxminan uch baravar koʻproq oziqlanganini koʻrsatgan. Bunday faol oʻtlash fil oʻlganidan yetti yildan ortiq vaqt oʻtgach ham davom etgan.



