Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan BMW haydovchisi tezlikni oshirishi oqibatida boshqaruvni yo‘qotib, halokatga uchradi. YTH oqibatida haydovchi halok bo‘lgan. U avval ham guvohnomasiz avtomobil boshqargani uchun ogohlantirilgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgan.
Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Qo‘qon shahrida yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash va qo‘pol qoidabuzarliklarning oldini olish maqsadida reydlar o‘tkazilmoqda. Tekshiruvlar davomida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan yigitga avtomobil boshqarmaslik haqida ogohlantirish berilgan. Shunga qaramay, u yana rulga o‘tirgan.
Hodisa Furqat tumanidagi keskin burilishda sodir bo‘lgan. Haydovchi tezlikni oshirishi natijasida avtomobil boshqaruvini yo‘qotgan. Mashina avval ogohlantiruvchi ustunga, keyin beton ustunga va daraxtga urilgan. To‘qnashuv oqibatida avtomobil ariqqa tushib, ag‘darilgan.
YTH paytida avtomobilda bo‘lgan yo‘lovchining aytishicha, ular Beshariq tumanidan Qo‘qon shahri tomon harakatlangan. Tezlik soatiga 100 kilometrdan oshgan. Boshqa avtomobilni quvib o‘tishga urinish vaqtida haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan. Yo‘lovchi to‘qnashuv paytida old oynadan bir necha metr uzoqlikka otilib ketganini, haydovchini topganida esa unda hayot alomatlari bo‘lmaganini aytgan.



