O‘zbekistonda 2027-yil 1-mayga qadar aholi uchun suyultirilgan gaz narxlarini erkinlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Bu Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida nazarda tutilgan.
Hujjat tartibga solinadigan suyultirilgan gaz narxlarini bosqichma-bosqich erkinlashtirish va uni aholiga yetkazib berishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirishni nazarda tutadi.
Loyihaga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda 2027-yil 1-mayga qadar narxlarni erkinlashtirish bo‘yicha takliflarni hukumatga kiritishi kerak. Takliflarni tayyorlashda suyultirilgan gaz bozorining rivojlanish darajasi, tajriba loyihalari natijalari va aholini ijtimoiy himoya qilish zarurati hisobga olinishi lozim.
Shu bilan birga, loyihada barcha maishiy iste’molchilar uchun suyultirilgan gazning erkin narxlariga to‘liq o‘tishning aniq muddatlari belgilanmagan.
Xususiy yetkazib beruvchilar bilan tajriba
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2026-yil 12-sentabrdagi qarori bilan 1-oktabrdan Andijon viloyatida tajriba loyihasini amalga oshirish belgilangan."Gazeta"da reklama
Unga ko‘ra, xususiy tadbirkorlarga suyultirilgan gazni import qilish va uni aholiga maishiy ballonlarda erkin narxlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishga ruxsat etilgan.
Hukumat tayyorlagan tushuntirish materiallarida dastlabki bosqichda tartibga solinadigan tizim doirasida gaz yetkazib berish saqlanib qolishi qayd etilgan. Shu bilan birga, xususiy operatorlar iste’molchilarga bozor narxlarida qo‘shimcha gaz hajmlarini taklif qilishi mumkin.
Andijon viloyatidagi tajriba natijalariga ko‘ra, ushbu modelni O‘zbekistonning boshqa hududlariga ham tatbiq etish imkoniyati ko‘rib chiqiladi.
Keyinchalik suyultirilgan gazni import qilish, saqlash va aholiga yetkazib berishda xususiy kompaniyalar ishtirokini kengaytirish rejalashtirilmoqda.
LPG-Trade kompaniyasini qisman xususiylashtirish rejalashtirilmoqda
Islohotlar “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati huzurida suyultirilgan gazni birja orqali xarid qilish va uni maishiy iste’molchilarga yetkazib berishni tashkil etish uchun tuzilgan LPG-Trade kompaniyasini ham qamrab oladi.
Hukumatning tushuntirish materiallariga ko‘ra, xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda LPG-Trade aktivlarini xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Xususan, kompaniyaning hududiy bo‘linmalarini tayyor biznes loyihalari sifatida bosqichma-bosqich xususiylashtirish ko‘zda tutilgan.
Gaz ballonlarini supermarketlarda sotish mumkin bo‘ladi
Kelgusida aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlashning amaldagi modelini o‘zgartirish rejalashtirilmoqda. Hozir iste’molchilar asosan 20 kilogrammli ballonlarni belgilangan davriylikda oladi.
Yangi modelda fuqarolar yetkazib beruvchini, gaz hajmini va xarid qilish uchun qulay vaqtni mustaqil tanlashi mumkin bo‘ladi.
Xususan, suyultirilgan gazni 5 va 10 kilogramm sig‘imli maishiy ballonlarda erkin sotish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Ularni xususiy operatorlar orqali uyga yetkazib berishdan tashqari, oddiy do‘konlar va supermarketlar kabi savdo nuqtalaridan ham xarid qilish mumkin bo‘lishi rejalashtirilgan.
Tushuntirish materiallarida bunday modelga o‘tish raqobat rivojlanishi va xususiy yetkazib beruvchilar faoliyati kengayishiga qarab bosqichma-bosqich amalga oshirilishi aytilgan.
Gaz ballonlarini chakana savdo do‘konlarida sotishni qachon boshlash aniq belgilanmagan.
Bir xonadonda yashovchi bir nechta oila alohida gaz balloni olishi mumkin
Loyihaning alohida bandi bitta turar joy xonadonida yashovchi bir nechta oilani suyultirilgan gaz bilan ta’minlash masalasiga taalluqli.
Taklifga ko‘ra, hovlining kadastr raqami bitta bo‘lsa ham, har bir oilaga alohida maishiy gaz balloni berishga ruxsat etilishi mumkin. Buning uchun uyda alohida yoki umumiy oshxona, shuningdek, texnik talablarga javob beradigan gaz plita bo‘lishi kerak.
Alohida ballon olish uchun “mahalla yettiligi” va gaz ta’minoti xodimlari xonadonni ko‘zdan kechirib, tegishli dalolatnoma tuzishi lozim.
Ushbu o‘zgarishlarni 2026-yil 1-noyabrdan joriy etish taklif qilinmoqda.
Hozir O‘zbekistonda maishiy suyultirilgan gazdan foydalanuvchi qariyb 4 mln iste’molchi bor. Ushbu islohot doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi aholi uchun suyultirilgan gazning tartibga solinadigan chakana narxini bir kilogramm uchun 2000 so‘mdan 5000 so‘mgacha — 2,5 baravar oshirishni taklif qildi.
Hukumat buni ichki ishlab chiqarishning qisqarishi, importning o‘sishi va yetkazib berish hajmlari yetarli emasligi bilan izohlamoqda.
Ehtiyojmand oilalarga esa oyiga 20 kilogrammgacha xarid qilingan gazning har bir kilogrammi uchun 3000 so‘mdan kompensatsiya berish nazarda tutilgan. Bunda oylik kompensatsiyaning eng yuqori miqdori 60 ming so‘mni tashkil etadi.
Gazni birjadan xarid qilish qiymati bilan aholi uchun davlat belgilagan narx o‘rtasidagi farqni LPG-Trade kompaniyasiga respublika budjeti hisobidan subsidiya ajratish orqali qoplash rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, isitish mavsumi arafasida noyabrda bir milliondan ortiq ehtiyojmand oilaga 1 mln so‘mdan bir martalik yordam puli berish taklif etildi. Elektr, gaz va ko‘mir uchun kompensatsiya oluvchilarni kengaytirish, to‘lovlar muddatini uzaytirish vagaz yo‘q hududlar uchun elektr bazaviy me’yorini 350 kVt/soatgacha oshirish reja qilinmoqda.



