7-oktabr kuni BBC nashri taniqli rus jurnalisti va inson huquqlari himoyachisi, Chechenistonda inson huquqlari buzilishi holatlari bo‘yicha surishtiruvlari va Rossiya hukumatini ochiq tanqid qilgani bilan tanilgan, 20 yil oldin ushbu sanada suiqasd qurboni bo‘lgan Anna Politkovskayaning so‘nggi intervyularidan birini e’lon qildi. Intervyu Politkovskayaning o‘limidan so‘ng 2006-yilning noyabr oyida BBC telekanallarida ingliz tilida berilgan. Uning rus tilidagi asli esa yaqinda e’lon qilindi. Gazeta BBC intervyusi matnini taqdim etadi.

Anna Politkovskaya jurnalist sifatidagi faoliyati davomida avvaliga “Izvestiya” va “Obaya gazeta” nashrlarida ishlagan. 1999-yildan umrining oxirigacha esa “Novaya gazeta”da maxsus muxbir va sharhlovchi sifatida faoliyat yuritgan. Ikkinchi Checheniston urushi uning surishtiruvlarining asosiy mavzusi bo‘lgan. Jurnalist urush o‘chog‘ida bir necha marta bo‘lib, tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlik, qiynoqlar, filtratsiya lagerlari va izsiz yo‘qolgan odamlar haqida yozgan. Bir so‘z bilan aytganda, rasmiy manbalar yashirgan haqiqatni jamoatchilikka ochiqlashga uringan. Shu orqali Politkovskaya Rossiyada mustaqil matbuot ramziga aylangan.

Foto: “Novaya gazeta”Foto: “Novaya gazeta”

Uning bu ishlari, tabiiyki, oqibatsiz qolmadi: jurnalistni hibsga olishadi, qatl etish bilan tahdid qilishadi, zaharlashadi. 2006-yil 7-oktabrda Politkovskaya Moskvadagi uyining liftida otib o‘ldirildi. Qotillikni ijro etganlar sudlanib, javobgarlikka tortildi. Shunga qaramay, buyurtmachi shaxs rasman hanuzgacha aniqlanmagan."Gazeta"da reklama

2006-yilda — Politkovskaya o‘limidan bir muddat oldin — ushbu intervyu yozib olingan vaqtda Vladimir Putin hokimiyat tepasiga kelganiga olti yil bo‘lgandi. Chechenistondagi urushning qizg‘in davri o‘tgan, lekin urush hali ham davom etayotgandi. 99-yildagi turar joylar portlatilishi to‘lqini, Nord-Ost va Beslanda odamlarni garovga olish bilan bog‘liq hodisalar, yo‘lovchi samolyotlar va metrodagi portlashlar ortidan Rossiyani teraktlar titratishda davom etayotgan vaqtlar edi. O‘shanda Putinning ikkinchi muddati tugashiga hali ikki yil qolar ekan, Konstitutsiyaga binoan bu uning oxirgi muddati bo‘ladi, degan tasavvur bor edi.

Foto: “Novaya gazeta”Foto: “Novaya gazeta”

O‘sha vaqtdagi Putin siyosatiga baho berar ekan, Politkovskaya bu siyosat mamlakatda endigina tug‘ilayotgan demokratiyani “o‘ldirayotgani”, u yaratgan muammolarni hal etish esa keyingi avlodlardan katta kuch talab qilishini ta’kidlagan.

“Demokratiya tug‘ilayotgandi. Lekin u demokratiyani o‘ldiryapti. Uning Kremldagi yillari shunga olib keladiki, davlatimiz fuqarolarining keyingi avlodi bu muammolardan xalos bo‘lish uchun juda katta ishlarni amalga oshirishiga to‘g‘ri keladi. Mana, u oilaning otasi. U o‘z farzandlariga nima qoldiryapti? Agar mana shu ahvolni qoldirayotgan bo‘lsa, u yomon ota. Agar u o‘zidan keyin mustahkam axloqiy asoslarga ega, oilaning moddiy ta’minoti uchun yaxshi bazani qoldirsa, u yaxshi odam. Hozir ijobiy deb hisoblash mumkin bo‘lgan hech narsa yo‘q”, — deydi Politkovskaya.

U mamlakatda Putinga xayrixoh kishilar ko‘p bo‘lishiga qaramay, 2004-yildagi saylovlarning soxtalashtirilmaganiga shubha bilan qarashini aytadi.

“Stalincha fikrlashning qoldiqlari ko‘p odamlarda hali ham juda kuchli. Buyuk derjavadek fikrlash, imperiyadek fikrlash. Bu odamlar, albatta, Putinga ovoz berishgan. Lekin, o‘ylashimcha, saylovlar baribir soxtalashtirilgan”, — deya ta’kidlaydi jurnalist.

1999-yilning avgustida ikkinchi Chechen urushi boshlanadi. Uning ilk kunlaridanoq Politkovskaya Shimoliy Kavkazga borgan. Keyingi yillarda ham u Chechenistondagi urush o‘chog‘iga borib, jabr ko‘rayotgan tinch aholi, yaralanganlar, qochqinlar, urushning respublikadan tashqaridagi aks-sadosi haqida o‘nlab maqolalar yozdi. Chechenlar uni ochiq va xolis maqolalari uchun qattiq hurmat qilishardi. Jurnalistning intervyuda aytishicha, Putin davlat tepasiga kelganida Chechenistonda tinchlik bo‘lishini istamagan.

2004-yil 3-sentabr. Beslan shahridagi 1-sonli maktabga shturm. Foto: Yuriy Tutov / “Kommersant”2004-yil 3-sentabr. Beslan shahridagi 1-sonli maktabga shturm. Foto: Yuriy Tutov / “Kommersant”

“Yelsin, o‘zining dahshatli, ba’zan juda og‘ir xatolariga qaramay, qaysidir bosqichda matbuotga quloq solardi va urush tinchlik bitimi bilan nihoyasiga yetdi. To‘g‘ri, keyin bu bitimning ijrosi bo‘yicha muammolar chiqdi. Bunga qo‘shilaman. Lekin bularning hech birini Putinning qilmishlariga qiyoslab bo‘lmaydi. U ikkinchi Chechen urushini boshladi va boshidanoq tinchlik bo‘lmasligini e’lon qildi. Kim qanday harakat qilmasin, qanday da’volar keltirmasin, u faqat kuchga tayandi. Boshqa hech narsaga emas”, — deydi u.

Politkovskayaning fikricha, Chechenistondagi urush masalasida Putin qarorlarining mantig‘i hech kimning oldida bo‘yin egmaslik, bu yo‘lda hech qanday qurbonlikni hisobga olmaslikka asoslanadi. “Oddiy aholi orasidagi qurbonlar umuman hisobga olinmadi. Mana shu tamoyillar bilan uni mutlaq qonuniy urush deb ko‘rishadi”.

1995-yil, Grozniy. Foto: Maykl Evstafiyev / AFP1995-yil, Grozniy. Foto: Maykl Evstafiyev / AFP

BBC’ga ko‘ra, Putin boshqaruvining ilk yorqin hodisalardan biri NTVga uyushtirilgan reyd bo‘lgan. Telekanalda Putinning Chechen urushidagi mavqeyi va Kursk suvosti kemasi cho‘kishiga munosabati tez-tez tanqid ostiga olingan. Kanalda dam olish kunlarida namoyish qilingan qo‘g‘irchoq teatri dasturlarida yetakchi siyosatchilar parodiya qilinardi.

“NTV xususiy telekanal edi. Unga oligarx Vladimir Gusinskiy egalik qilgan. Putinning birinchi inauguratsiyasidan atigi to‘rt kun o‘tib NTV ofisiga FSB, prokuratura va soliqchilar yopirildi. Jurnalistlarni so‘roqqa chaqirishdi. Jurnalistlar va jamoatchilik protestlariga qaramay, 2001-yilda NTV davlatning „Gazprom“ shirkati qo‘liga o‘tdi. Putin birinchi muddatining oxiriga borib, Rossiyada yirik xususiy telekanallar qolmadi”, — deya hikoya qiladi BBC.

Politkovskayaning ta’kidlashicha, Putin siyosiy dastursiz hokimiyat tepasiga kelgach, uni fosh qilishi mumkin bo‘lgan ochiq va mustaqil matbuotni yo‘q qilgan.

“U hech qanday dastursiz prezident bo‘ldi. Hech qanday va’dalarsiz. Agar mustaqil televideniye bo‘lganida Putinni yanchib tashlagan bo‘lardi. Bu kundek ravshan, — deydi Politkovskaya. — U hech qanday debatlarda qatnashmadi, chunki bu uning qo‘lidan kelmaydi. Debat qiladigan dasturi yo‘q. Undagi shovinistik va imperialistik moyilliklarni demokratik va mustaqil matbuot fosh qilib tashladi. Bu balki uning o‘zining g‘oyalaridir yoki eng yaqin siyosiy maslahatchilariniki. U har qanday to‘sqinlikni yo‘q qilishga kirishdi va buning uddasidan chiqdi. Tanqidchilar yo‘qoldi va maddohlar ko‘paydi. U nima qilsa, olqishlandi. Televideniye esa Sovet Ittifoqi davridagidek bo‘lib qoldi”.

Ikkinchi Chechen urushi o‘rtalariga borib, Politkovskaya nafaqat jurnalist, balki jamoatchilik arbobi ham edi, deydi BBC. 2002-yil oktabrida Dubrovkadagi teatr garovga olinganida Politkovskaya qo‘rqmasdan binoga kirib boradi. Chechenlar aynan uning muzokarada qatnashishini talab qilishadi. U garovdagilarga suv olib kirdi va teatrni garovga olganlarning talablari bilan chiqdi. Ular Putindan Chechenistondagi urushni to‘xtatishga va’da berishini talab qilishgandi.

“Hammamiz bu bir burilish nuqtasi bo‘ladi deb o‘ylagandik. Bu tarzda davom etishi mumkin emas. Bu kabi voqea qaytarilmasligi uchun davlat darajasida qarorlar qabul qilinadi deb o‘ylaganman. Lekin qattiq adashgan ekanman. Chunki odamlar bu holatga tushishining oldini olish uchun bironta davlat qarori chiqmadi. Aksincha, ularning ta’biri bilar aytganda, terrorchilikka qarshi kurash boshlandi va u, ayniqsa, Ingushetiya va Checheniston uchun butkul Stalincha qoidalarni ishga soldi — Stalincha qatag‘onlarni”, — deya esga oladi u.

Politkovskayaning fikricha, bunday siyosat terrorchilikni keltirib chiqaradi. Yaqinlari o‘g‘irlab ketilgan, o‘ldirib yuborilgan chorasiz oilalar o‘z yaqinlarini topish uchun yoki ularning jallodlariga qarshi adolat istab bosh urib boradigan joyi yo‘q edi. Buning ortidan Chechenistonda allaqachon kichik teraktlar, xudkush hujumlar sodir bo‘lib kelayotgandi.

Nord-Ost voqealari esa, uning qayd etishicha, ana shu voqealarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Nord-Ost voqealari “hammaning qarashlarini o‘zgartirishi, mudrab yotganlarning ham ko‘zini ochishi” mumkin, hatto kerak edi. Lekin bunday bo‘lmadi. Politkovskayaning ta’kidlashicha, Putinni xalq manfaatlari yo‘lida, jamoatchilik xavfsizligi uchun qarorlar qabul qilishga majburlashi mumkin bo‘lgan xalq g‘azabi yuzaga chiqmadi.

“Jamoatchilik xavfsizligi nima? Bu teraktlarni bartaraf qilishga qaratilgan siyosat. Bunday siyosat bo‘lmadi. Aksincha, qat’iylashtirish boshlandi. Ingushetiyada bu siyosatdan qasd olishni istaganlar yanada ko‘paydi”, — deya ta’kidlaydi jurnalist.

Politkovskayaning fikricha, Beslan voqealari bevosita Nord-Ostning davomi bo‘ldi. Buni jurnalist davlatning eng yuqori rahbariyati teraktning sabablari, bu odamlarning kimligi va nima sababdan bunday teraktni amalga oshirganini tushunishga urinmagani, shuningdek, terrorizmni bartaraf qilishga qaratilgan qonunlar qabul qilmagani bilan izohlaydi. Beslanda bolalarning garovga olinishi ham, Politkovskayaning fikricha, shu bilan bog‘liq.

“Biz terrorchilar bilan muzokara qilmaymiz, aql bilan muloqot qilmaymiz. Mayli, odamlar o‘la qolsin, deyishdi. Putin ojiz ekanini anglamasliklari uchun hech kim bilan muzokara qilmadi”, — deydi u.

U Nord-Ost va Beslandagi voqealarda vaziyatdan chiqishga nima to‘sqinlik qilgani haqida gapirar ekan, Putinning sobiq KGB ofitseri ekanini eslatadi.

“U har bir inson yashash huquqiga ega ekanini, inson qandaydir mexanizmdagi qum zarrachasi emasligini tushunmaydi. Beslanda, Nord-Ostda halok bo‘lgan har bir inson o‘z-o‘zicha qadrli, — deya tushuntiradi Politkovskaya. — Putin buni shunchaki tushunmaydi. Uning o‘z mantig‘i bor. Bu Sovet davri KGB ofitserining mantig‘i… U xalqni tushunmaydi. U haqiqiy Sovet KGB ofitseri. Biroz antisemit, biroz fashist va unchalik aqlli emas… U insonning huquqlari borligini tushunmaydi”.

“Bunday qarashlarga mamlakatimizda juda ko‘p odamlar amal qiladi, juda ko‘pchilik. — deydi Politkovskaya afsus bilan. — Ya’ni inson hayoti arzimas narsa, toki bu shaxsan sening boshingga tushmaguncha. Men kundalik ishimda bunga doimo duch kelaman. Bu gaplarni halok bo‘lgan askarlarning onalaridan, militsiyada qiynoqqa solingan odamlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillaridan doimo eshitaman. Ular deyarli har doim ha, biz hamma narsa to‘g‘ri bo‘lyapti deb o‘ylardik, to bu kulfat o‘z boshimizga tushguniga qadar, deyishardi. Mana shu Stalincha psixologiya hali ham yashayapti”.

“Xalq unga yana to‘rt yillik muddat berganini qanday izohlaysiz?” degan savolga javoban Politkovskaya uni xalq emas, amaldorlar saylaganini aytadi. Aslida esa, uning fikricha, Putinga nisbatan xalq orasida kuchli norozilik mavjud.

“Men uni xalq saylagan deb hisoblamayman. Uni amaldorlar saylagan. U amaldorlarni juda ustalik bilan boqadi va korrupsiya gullab-yashnashi uchun sharoit yaratib beradi. Amaldorlar esa ulkan bir tabaqa. Ular oilalari bilan birga millionlab kishini tashkil qiladi. Menimcha, Putindan norozilik juda kuchli. Har holda men har kuni undan norozi bo‘lgan odamlar bilan muloqot qilaman”, — deya tushuntiradi u.

Qolaversa, Politkovskaya Putin davridagi barqarorlik uning siyosati bilan bevosita bog‘liq emasligini ta’kidlaydi. Mamlakatdagi barqarorlikni u neftning yuqori narxi bilan bog‘laydi va neft narxi pasayishi haqida o‘ylasa, xavotirga tushishini aytadi.

“Barqarorlik neft narxining yuqoriligi tufayli yuzaga kelgan. Bizda neft bor. Neft narxi yuqori va shuning hisobiga hamma narsa gullab-yashnayapti… Neft narxi tushib ketadigan paytni o‘ylashning o‘zi men uchun qo‘rqinchli. Chunki o‘sha zahoti hamma narsa qulay boshlaydi. Biz xomashyoga qaram mamlakatmiz… Men biznes olamidagi odamlar bilan muloqot qilaman. Ular hamma narsani mamlakatdan olib chiqib bo‘lishgan. Hech narsa qolmagan. Hamma o‘z sarmoyasini mamlakatdan olib chiqib ketish orqali saqlayapti. Ilgari qanday bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham shunday davom etyapti”, — deydi jurnalist.

Politkovskayaning ta’kidlashicha, har qanday davlat rahbari o‘z xalqi to‘g‘risida qayg‘urishi kerak.

“Meni eng avvalo o‘z prezidentimizdan hafsalam pir bo‘lgan. G‘arb o‘z odamlari haqida qayg‘uradi va to‘g‘ri qiladi. Har qanday hukmdor shunday qilishi kerak. Lekin men bir narsani tushunmayman. Nega bizning prezidentimiz o‘z fuqarolariga mutlaqo befarq? U o‘z fuqarolarining qadr-qimmatini anglamaydi. Mana shu uning eng katta xatosi. U o‘zi xizmat qilgan tizimning ofitseri, tushunyapsizmi, u yerda shaxs degan tushuncha yo‘q. U mutlaqo boshqa qarashning tashuvchisi. Shaxs yo‘qmi, demak uning manfaatlari ham mavjud emas. Menimcha, u KGBda ishlagan davrida orttirgan ana shu tajribasidan hali ham xalos bo‘la olmagan”.

Yigirma yil avval yozib olingan bu intervyu so‘nggida jurnalist Politkovskayadan Putin tarixda o‘zidan qanday iz qoldirishini so‘ralgandi. Politkovskaya Putin hokimiyatining oqibatlari haqidagi o‘ylar unda chorasizlik hissini uyg‘otishini ta’kidlagan.

“Hozir mamlakatni o‘zgartirish uchun juda oz vaqti qoldi. Shuning uchun u o‘zidan OAV tor-mor qilingan, kuchli fashistik kayfiyat mavjud bo‘lgan, sarmoyalar mamlakat tashqarisiga olib chiqib ketilgan, xomashyoga asoslangan iqtisodiyoti sun’iy ravishda shishirilgan va sanoat ishlab chiqarishi hali ham vayron ahvolda bo‘lgan neosovet mamlakatni qoldiradi. Yana kamida yigirma yil davomida terakt sodir etishni istaydigan odamlar mavjud bo‘ladi. Shuning uchun, masalan, men Putinning Rossiyadagi hukmronligi oqibatlari haqida o‘ylaganimda meni qamrab oladigan chorasizlik hissi, asosiy hal qiluvchi his — mana shu, — deydi Politkovskaya. — Gap uning yaxshi yoki yomon odam ekanida emas. Mamlakatni mana shunday ahvolga keltirish uchun juda ko‘p qadamlar tashlagan inson tarixda ijobiy natija bilan qolishi mumkin emas. Shunchaki mumkin emas”.

Video