Gazeta’ga Toshkentdagi bir nechta onkologiya bemorlaridan davolanish uchun imtiyozli yo‘llanma (order) olish jarayoni murakkablashgani haqida murojaatlar kelib tushdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, yangi tizim hali to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani sababli order olishda kechikishlar kuzatilmoqda.
Oktabr boshida ijtimoiy tarmoqlarda Respublika onkologiya va radiologiya markazida bepul xizmat ko‘rsatish to‘xtatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Markaz bunga javoban bepul xizmat ko‘rsatish to‘xtatilmaganini ma’lum qildi. “Faqat bemorni yo‘naltirish tartibi o‘zgardi. Ya’ni avval poytaxtda yashovchi bemorlar ushbu markazning shahar filialiga qog‘oz shaklidagi yo‘llanma bilan kelar edi. Endi esa ular O‘zbekistonning boshqa barcha hududlaridagi kabi DMED tizimi (davlat raqamli tibbiyot ekotizimi — tahr.) orqali elektron yo‘llanma asosida muassasaga yo‘naltirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Markaz ma’lum qilishicha, endi bemor marshruti quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
- Bemor, avvalo, oilaviy poliklinikaga murojaat qiladi. U yerda qon tahlili, rentgen, UTT (bepul) tekshiruvlaridan o‘tadi.
- Keyin bemor tuman (shahar) onkologi ko‘rigidan o‘tib, aniqlashtiruvchi tekshiruvlar amalga oshiriladi.
- DMED tizimi orqali elektron yo‘llanma shakllantiriladi.
- Onkologiya markazida yo‘llanma tasdiqlansa, bepul ko‘rik, kontrastli MSKT/MRT, PET-KT, gistologiya, IGX hamda bepul davolash (kimyoterapiya, nur terapiyasi, jarrohlik amaliyotlari) o‘tkaziladi.
Markaz tartib o‘zgartirilishi sababini ham tushuntirdi. “Avvalgi tartib bo‘yicha aksariyat bemorlar DMED orqali faqat 027-shakl bilan, oilaviy va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda zarur tekshiruvlardan o‘tmasdan markazga yuborilgan. Natijada markaz poliklinikasi ortiqcha yuklama bilan ishlab, hududda bajarilishi lozim bo‘lgan tekshiruvlarni ham Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan muassasada o‘tkazishga to‘g‘ri kelgan. Bu holat yuqori texnologik yordamga mo‘ljallangan mablag‘ birlamchi tekshiruvlarga sarflanganishiga sabab bo‘lgan. Toshkent shahridan murojaat qilayotgan bemorlarni hududiy yoki respublika darajasida davolash kerakligini aniqlash qiyinlashgan. Elektron yo‘llanmaga o‘tish bu muammolarni bartaraf etmoqda”.
Bemorlar amalda qanday muammolarga duch kelgan?
Lola X.:"Gazeta"da reklama
Respublika onkologiya va radiologiya markazida bemorlarni yangi tizim bo‘yicha yo‘naltirish amalda, afsuski, ishlamay qolmoqda. Qayta davolanishga kelgan bemor “poliklinika — Onkologiya markazi — poliklinika — kimyoterapiya uchun yana markazga borish” tartibida harakatlanishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Muammo nimada? Tizim shoshilinch joriy etilganidami? Umumiy amaliyot shifokorlari yetarlicha amaliy ta’lim olmaganidami? Yoki tashkiliy masalalarning butun og‘irligi, shundoq ham hayoti uchun kurashayotgan bemor zimmasiga yuklanganidami?
Bunday holatga faqat men duch kelmaganimga ishonaman. Balki sevimli Toshkentimizdagi onkologiya markazi bemorlarining o‘nlab nafari hozir bir xil savollarni berayotgandir: “Qayerga borish kerak? Kimga murojaat qilish kerak? Xonalar orasida sarson bo‘lmasdan zarur davolanishni qanday olish mumkin?”

Menda bu jarayon qanday kechayotganini aytib beraman. Menga odatdagi tartibda yo‘llanma berildi. Navbatda bir necha soat kutganimdan keyin tuman onkologi chiqib: “Yo‘llanmalar ham, kimyoterapiya ham, boshqa masalalar ham yo‘q — faqat konsultatsiya olish mumkin. Oldindan ogohlantirdim”, — dedi.
Shundan keyin umumiy amaliyot shifokoriga bordim. Keyingi uch soat davomida imtiyozli yo‘llanmani rasmiylashtirib, Onkologiya markazida tasdiqlatishga harakat qildik. Ammo hech narsa o‘xshamadi.
Nihoyat, taxminan soat 17:00 da tuman sog‘liqni saqlash boshqarmasining masalani yaxshi tushunadigan xodimi topildi, u malaka oshirish kursidan o‘tgan bo‘lsa kerak. U barcha zarur hujjatlarni atigi 10 daqiqada rasmiylashtirishga yordam berdi. Jami uch soat 10 daqiqa asabiylik, kutish va noaniqlikda o‘tdi.
Menga yordam bergan xodimga alohida minnatdorlik bildirmoqchiman. Uning kasbiy mahorati hurmatga loyiq.
Biroq aynan shu holat noqulay savolni berishga majbur qiladi: agar bir xodim bunday yo‘llanmalarni rasmiylashtirishni bilsa, nima uchun boshqa xodimlar yetarlicha amaliy ta’lim olmagan? Nima uchun mashg‘ulotlar o‘tkazilib, odatiy xatolar muhokama qilinmagan va shifokorlar uchun tushunarli yo‘riqnoma tayyorlanmagan? Gap shunchaki qog‘oz to‘ldirish haqida emas. Gap o‘z vaqtida davolanishi zarur bo‘lgan bemorlar haqida ketmoqda.
Shu vaqt davomida men — uchinchi bosqichdagi uch karra manfiy ko‘krak saratoni bilan kurashayotgan bemor — xavotirda o‘tirdim. “Endi nima qilaman? Qayerga boraman? Yo‘llanmani rasmiylashtirishga ulgurishadimi? Kimyoterapiyam qolib ketmaydimi?” degan savollar xayolimdan o‘tdi.

Bunday holatda hatto ovqatlanish ham qiyin. Holbuki, kuchim shundoq ham qolmagan. Organizm davolanish jarayonini boshdan kechirmoqda, immunitet zaiflashgan, har bir kun katta kuch talab qiladi. Bemor davolanishga e’tibor qaratish o‘rniga, unga yordam berishi kerak bo‘lgan tizimni tushunishga majbur bo‘lmoqda.
Keyin esa: “Siz o‘tirib kutishingiz shart emas edi”, deyishdi. Albatta, ketishim mumkin edi. Qo‘l siltab, hammasi o‘z-o‘zidan hal bo‘lishini kutishim ham mumkin edi. Ammo unda saraton bilan nima qilish kerak? Axir u kutmaydi.
Saraton bemor yo‘llanma rasmiylashtira olmaganini bilmaydi. Shifokor elektron tizimda ishlashni o‘rgangan-o‘rganmaganiga ham qiziqmaydi. Muassasalar o‘rtasidagi hamkorlik yo‘lga qo‘yilishini ham kutmaydi.
Hozir mening yo‘llanmam, nihoyat, rasmiylashtirildi va markaz tasdig‘ini kutmoqda (to‘rt kundan buyon). Hammasi yaxshi yakunlanishi va davolanishim o‘z vaqtida davom etishiga umid qilaman.
Biroq men faqat o‘zim haqimda o‘ylamayapman. Yana qancha odam xuddi shu holatni boshdan kechirmoqda? Qancha bemor navbatlarda o‘tiribdi, qo‘ng‘iroq qilyapti, bir muassasadan boshqasiga qatnayapti, tushunarsiz talablarni anglashga harakat qilyapti? Ularning orasida ishlaydigan va ishdan qayta-qayta ruxsat so‘ray olmaydiganlar bor. Kimlar uchundir ish — yagona tirikchilik manbai. Uzoq vaqt o‘tirish, yurish va kutish qiyin bo‘lgan bemorlar ham bor.
Onkologik kasallik bilan kurashayotgan inson sog‘liqni saqlash tizimining ishlashini ta’minlash uchun yana o‘zi sarson bo‘lishi kerakmi?
Axir tibbiyot muassasalari, elektron tizimlar va mas’ul mutaxassislar (faqat bitta mutaxassis emas) bemorning marshruti tushunarli, izchil va o‘z vaqtida bo‘lishi uchun mavjud emasmi?
Men o‘zgarishlarga qarshi emasman. Aksincha, zamonaviy tizimlar, raqamlashtirish va tibbiy yordam sifatini oshirish tarafdoriman. Ammo har qanday yangi tizim avval to‘liq yo‘lga qo‘yilishi, xodimlar esa amalda o‘qitilishi kerak. Qiyinchiliklar yuzaga kelsa, bemorni soatlab kuttirish va sarson qilish o‘rniga muammoni tezkor hal etishning tushunarli mexanizmi bo‘lishi lozim.
Mas’ul tibbiyot muassasalari va sog‘liqni saqlash organlari rahbarlariga murojaat qilaman: iltimos, ushbu muammoga e’tibor qarating. Xodimlarni amaliy o‘qiting, imtiyozli yo‘llanmalarni rasmiylashtirish bo‘yicha aniq tartibni ta’minlang va poliklinikalar bilan onkologiya markazi o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘ying. Bemor muassasalar o‘rtasida vositachiga aylanmasligi kerak.
Endi esa eng shaxsiy gapimni aytmoqchiman. Allohning yordami bilan, sizlar bilan birga yo‘limning 90 foizini bosib o‘tdim. Chidadim, kurashdim, ishondim. Ammo bugun umidim so‘nib bormoqda. Kuchim kam. Immunitetim zaiflashgan. Men faqat jismonan charchaganim yo‘q.
Anvar M.:
Ilgari onkologik tashxisi bor bemorlarga Onkologiya markazida navbatdagi davolanish kursini o‘tash uchun tegishli tuman yo‘llanmasi asosida order berilgan. Har bir bemorning individual davolash protokoli bo‘ladi (kimyoterapiya olish davriyligi 14, 21 yoki 28 kun).
Endi order berishning elektron tizimi joriy qilindi. Buning uchun avval oilaviy poliklinikaga murojaat qilish kerak, poliklinika tahlillarni o‘tkazishi lozim (u kimyoterapiya o‘tkazish mumkinligini aniqlash uchun zarur laboratoriya tekshiruvlarini bajara olmaydi, ular qatoriga qonda mochevina, kreatinin, ALT, AST va boshqa ko‘rsatkichlarni aniqlash kiradi). Shu sababli bemor tahlillarni xususiy klinikada topshirishi yoki bir kun kechikishiga to‘g‘ri keladi.
Keyin poliklinika hujjatlar to‘plamini raqamli shaklda tuman sog‘liqni saqlash boshqarmasiga yuboradi (ammo bu to‘plam to‘liq bo‘lmaydi). Boshqarma murojaatni tasdiqlaydi yoki rad etadi. Agar tasdiqlasa, hujjatlar Onkologiya markaziga o‘tadi. U yerda esa ular yana ichki komissiya ko‘rib chiqishiga yuboriladi. Komissiya ko‘p sonli murojaatlar oqimini uddalay olmayapti.
Natijada bemor klinikada navbat kutishga ikki-uch kun sarflaydi, Onkologiya markazida tahlillarni qayta topshiradi yoki xususiy laboratoriyaga murojaat qiladi. Navbatlarda sarson bo‘lishdan charchagan bemorlar markazda pulli asosda davolanishga ham rozi bo‘lmoqda.
Munira Z.:
Imtiyozli yo‘llanma bo‘yicha davolanishim bir necha kun oldin barcha zarur jarayonlardan o‘tganimdan keyin tasdiqlandi. Onkologiya markazida mening davolanishim uchun faqat davlat sug‘urtasi to‘lash kerakligini aytishdi.
Bugun davlat tibbiy sug‘urtasi (jamg‘armasining — tahr.) koll-markaziga qo‘ng‘iroq qildim. Ular markaz meni davolanishga qabul qilishi, davolashdan keyin esa hisobot yuborish kerakligini, shundan so‘ng davolanish xarajatlari to‘lanishini aytishdi.
“Biz oldindan bu qanchaga tushishini bilmaymiz-ku”, deyishdi ular. Onkologiya markazida esa sug‘urta to‘lovi amalga oshirilmasdan meni davolanishga yotqiza olmasliklarini aytishmoqda. Endi nima qilishim kerak?



