7-oktabr kuni Toshkent viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudida jinoyatni yashirishga uringan ikki nafar IIB xodimi ustidan sud hukmi o‘qildi. Gazeta sud hujjati bilan tanishdi.

Janjal

Sud hukmida keltirilishicha, fuqaro Sh. M. 2026-yil 17-fevral kuni soat taxminan 19:00 da tanishi bilan Chirchiq shahridagi kafelarning biriga borgan. Ular kafening umumiy zalida o‘tirgan paytda yaqindagi stolda tanishi D. taxminan olti nafar hamrohi bilan o‘tirganini ko‘rgan.

Shu vaqt kafeda mast holatdagi ayol boshqa mijozlar bilan birma-bir tortishib, janjallashayotgan bo‘lgan. Ayol administrator qiz bilan ham tortishib, uni itarib yuborgan. Sh. M. ularning yonida sodir bo‘layotgan janjalga aralashib, ayol bilan administratorni ajratgan."Gazeta"da reklama

Shundan keyin ayol unga aralashmaslikni aytib, ketgan. Biroz vaqt o‘tgach, ayol D.ning stoli oldiga kelib, o‘tirganlarni telefoniga suratga olgan va “hozir o‘g‘lim Umid bilan Islom buxarskiy keladi”, deb kafedan chiqib ketgan.

Sh. M.ning sudda bergan ko‘rsatuviga ko‘ra, taxminan 20 daqiqa o‘tgach, u kafening tashqarisida sigaret chekib turganida Umid ismli yigit kelgan. U Sh. M.dan tushuntirish talab qilmasdan, uni zina yoniga taqab borib, qo‘llaridan ushlagan va zinadan tashlab yuborishini aytgan.

Shu payt Sh. M. bilan birga kelgan tanishi ularni ajratgan. Keyin Sh. M. yana kafega kirgan. Tanishi uning oldiga kelib, kimni xafa qilganini so‘ragan va tashqarida “Islom buxarskiy” uni kutayotganini aytgan.

Sh. M. tashqariga chiqqan. Uning ko‘rsatuviga ko‘ra, u yerda “Islom buxarskiy” va taxminan o‘n nafar yigit, shuningdek, ichki ishlar organlarining patrul-post xizmati xodimlari turgan. “Islom buxarskiy” unga kafega qaytib kirishni aytgan. Biroq shu zahoti guruhdagi boshqa yigitlardan biri Sh. M.ning qo‘lidan tortib, uni o‘ziga qaratganida Umid uning pastki jag‘iga musht tushirgan. Sh. M. yerga yiqilgan, keyin turgan va kafega kirib, qon tekkan joylarini yuvgan.

U qayta tashqariga chiqqan paytda “Islom buxarskiy”, uning hamrohlari va patrul-post xodimlari ketib bo‘lishgan edi.

Kafedan ketish uchun yo‘lga chiqqan Sh. M. taksi to‘xtatib turganida oldiga davlat raqami yechilgan oq rangli Gentra kelib to‘xtagan. Mashinadan tushgan Islom ismli boshqa bir yigit o‘zini tanishtirib, Umid uning o‘rtog‘i ekanini aytgan va Sh. M.ga telefon raqamini bergan.

Sh. M.ning ko‘rsatuviga ko‘ra, ular gaplashib turganida avvalgi guruhdagi yana to‘rt-besh kishi kelgan. Ular uni kafening avtoturargohida turgan qaymoq rangli Epica mashinasiga o‘tqazmoqchi bo‘lishgan. Sh. M. ulardan qochib, yo‘l bo‘ylab yugurgan. Mashinadagilar uni taxminan bir kilometrgacha quvishgan.

Sh. M. charchab to‘xtaganidan keyin mashinadan tushganlar uning oldiga kelishgan. Uning ko‘rsatuvida aytilishicha, “Gera” laqabli Qurbonali unga musht tushirgan, qolganlar esa oyoqlari bilan tepishgan. Shundan keyin Sh. M. hushini yo‘qotgan.

U ko‘zini ochganida notanish ayolning tizzasida yotgan bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, ayol tez tibbiy yordam chaqirgan. Sh. M. Chirchiq shahri markaziy shifoxonasiga olib ketilib, u yerda birinchi yordam ko‘rsatilgan. Shifokorlar uning jag‘ qismida yirtilish borligini aytib, jarohatni tikishni taklif qilishgan, ammo u bunga rozi bo‘lmagan.

Ishni yopishga bo‘lgan urinish

Sh. M.ning kaltaklanganidan keyin, 18-fevral kuni soat taxminan 11:00 da ariza bilan murojaat qilish uchun IIBga borgan. Shu kuni soat 15:30 larda uni profilaktika inspektori Dilshod Rahimbayev xizmat xonasiga chaqirgan. U yerda “Islom buxarskiy” ham bo‘lgan. Rahimbayev ularga gaplashib olishni taklif qilib, xonadan chiqib ketgan.

Sh. M.ning aytishicha, “Islom buxarskiy” undan ariza yozmaslikni so‘ragan. Uning tushuntirishicha, yigitlar xatoga yo‘l qo‘ygan, voqeani yopish va yetkazilgan zararni qoplash mumkin edi. Islom undan qancha pul kerakligini so‘ragan. Sh. M. esa qonuniy chora ko‘rilishini xohlashini, uni urganlar kamida besh sutka qamalishi kerakligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, uch nafar farzandi borligi va kaltaklanish oqibatida halok bo‘lishi ham mumkinligini tushuntirgan.

Keyin Rahimbayev Sh. M.ga nisbatan jinoyat tarkibi yo‘qligi, hech qanday modda bilan ish qo‘zg‘atib bo‘lmasligini aytgan. Shu bilan birga, unga yetkazilgan zarar uchun pul olib berishni taklif qilgan. Sh. M.ning ko‘rsatuviga ko‘ra, ichki ishlar xodimining bu gaplaridan keyin u qonuniy chora ko‘rishning iloji yo‘q, deb o‘ylab, pul olishga rozi bo‘lgan.

18-fevral kuni Sh. M.ni kaltaklaganlardan biri tanishidan qarz olib, Dilshod Rahimbayevga 2700 dollar bergan. Biroq bu mablag‘ning hammasi jabrlanuvchiga yetib bormagan.

18-fevraldan 19-fevralga o‘tar kechasi soat taxminan 01:00 da Rahimbayev Sh. M. yana IIBga chaqirgan. Bino tashqarisida Sh. M. Rahimbayev, “Islom buxarskiy” va yana taxminan sakkiz nafar yigitni ko‘rgan. Keyin xizmat xonasiga Rahimbayev va IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi inspektori Nodir Agabekov formada kirgan.

Sh. M.ning aytishicha, Rahimbayev unga 2000 AQSh dollari berib, shundan 100 dollarni Nodirga berishni aytgan. Sh. M. 100 dollarni Agabekovga topshirgan. Agabekov chiqib ketgach, Rahimbayev undan berilgan 2000 dollardan 900 dollarni so‘ragan. Sh. M. pulni berganidan keyin o‘zida 1000 dollar qolgan.

Sh. M.ning ko‘rsatuviga ko‘ra, Rahimbayev keyin undan yana 100 dollar talab qilgan va pul yuqoridagilarga berilishi, bu haqda ko‘pchilik xabardorligini aytgan. Sh. M. esa davolanish uchun pul kerakligini bildirib, qo‘shimcha mablag‘ berishdan bosh tortgan. Rahimbayev ertasi kuni qo‘ng‘iroq qilishini va Sh. M. qarshi ariza yozishini aytgan.

19-fevral kuni jabrlanuvchi zarari qoplangani va hech kimga da’vosi yo‘qligi haqida ariza yozgan. Oradan to‘qqiz kun o‘tib, 28-fevral kuni kaltaklash holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan. Biroq 5-mart kuni ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti tergovni boshlagan.

Tergov davomida kaltaklashda ishtirok etgan shaxslarning yaqinlari ilgari berilgan 2700 dollarni qaytarishni talab qilgan. Jabrlanuvchining aytishicha, tergovchi bu talabni unga yetkazgan. Erkak esa pulning katta qismi IIB xodimlarida qolganini aytmay, mablag‘ni o‘zi ishlatib yuborganini bildirgan.

Sh. M. esa 2026-yil 20-aprel kuni Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boshqarmasiga murojaat qilib, “Dilshod” va “Nodir” ismli Chirchiq shahar IIB xodimlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Tezkor tadbir vaqtida profilaktika inspektori Sh. M.ga 300 dollar berayotganida ushlangan. Sh. M.ning suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, inspektor pulni bo‘lim boshlig‘i berganini aytgan va o‘zining yana 200 dollarini ertasi kuni qaytarishini bildirgan.

Sudda har ikki xodim aybiga iqrorlik bildirmagan. Xususan, profilaktika inspektori Nodir Agabekov Sh. M. va ikkinchi tomon o‘rtasidagi “oldi-berdidan” umuman xabari yo‘qligini aytgan. Agabekov Sh. M.ni ilk bor uning arizasi bo‘yicha Rahimbayevning xizmat xonasida ko‘rganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rahimbayev janjal ishtirokchilari o‘zaro kelishib olgani va Sh. M.ning da’vosi yo‘qligini bildirgan. Agabekovning ta’kidlashicha, u tomonlarga o‘zlari gaplashib olishlarini aytgan, ammo ishni tugatish yoki pul olish bo‘yicha hech kimga ko‘rsatma bermagan.

Sud guvohlarning ko‘rsatmalari, telefon so‘zlashuvlari hamda boshqa dalillar bilan sudlanuvchilarning aybi o‘z tasdig‘ini topgan, degan xulosaga kelgan.

Hukm

Jinoyat ishlari bo‘yicha sud hukmi bilan Nodir Agabekov va Dilshod Rahimbayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v, g” bandlari (Tamagirlik yo‘li bilan, bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib pora olish), 230−1-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari (Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, jinoiy javobgarlikdan ozod etish uchun dalillarni soxtalashtirish) hamda 241−1-moddasi 2-qismida (Jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Sud har ikkisiga tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish orqali 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilagan. Shuningdek, ular 3 yil muddatga ichki ishlar organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan.

Agabekovga nisbatan jazoni o‘tash muddati 2026-yil 22-iyundan, Rahimbayevga nisbatan esa 2026-yil 24-apreldan hisoblanishi belgilangan. Har ikkisiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Hukm ustidan apellyatsiya shikoyati yoki protest hukm e’lon qilingan kundan boshlab 10 sutka ichida berilishi mumkin. Mahkumlar uchun muddat hukm nusxasi topshirilgan kundan hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, aprelda “Islom buxarskiy” va boshqalar qo‘lga olingani xabar qilingandi. May oyida esa profilaktika inspektori qo‘lga olingandi.