Farg‘ona viloyati Furqat tumanida sodir bo‘lgan YTH oqibatida 28 yoshli haydovchi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat YHXB.

Haydovchi BMW avtomobilida Furqat tumani hududidagi yo‘lda soatiga 100 km dan ortiq tezlikda harakatlanib, keskin burilishda boshqaruvni yo‘qotgan. Avtomobil dastlab ogohlantiruvchi ustunga, so‘ng beton to‘siq va daraxtga borib urilgan va ag‘darilib ketgan.

Mashinada bo‘lgan yo‘lovchining so‘zlariga ko‘ra, birinchi to‘siqqa urilish vaqtida u old oyna orqali tashqariga otilib ketgan.

“Ko‘zimni ochib, o‘rnimdan turib qarasam, hamma joy chang edi. Haydovchining yoniga bordim, hamma joyi butunga o‘xshab ko‘rindi, pulsini tekshirib ko‘rdim, lekin puls yo‘q edi. Tezlikning oxiri o‘lim. Ko‘zingizni ochib-yumasiz, bo‘ldi”, — deydi YTHdan omon qolgan yo‘lovchi.

Ma’lum qilinishicha, erkakning haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan va ilgari ham qoidabuzarligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lgan.