Toshkent shahri chekkasida, Nurafshon shahriga eltuvchi yoʻldagi yangi yoʻl oʻtkazgich rasman foydalanishga topshirildi. Bu haqda 13-oktabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Vazirlik xabarida yoʻl oʻtkazgich loyihasining qiymati 280,8 mlrd soʻmni tashkil etgani aytiladi. Iyul oyida obyektni davlat rahbari borib koʻrganida loyiha qiymati 240 mlrd soʻm ekani aytilgandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga koʻra, loyiha doirasida:
66 metr uzunlikdagi va 46 metr kenglikdagi yoʻl oʻtkazgich;
450 metr uzunlikdagi yer osti avtomobil yoʻli;
950 metr uzunlikdagi aylana halqa yoʻli;
2 ta ortga qayrilib olish joyi;
4 ta yer osti piyodalar oʻtish yoʻlagi qurildi.
“Natijada kuniga qariyb 130 mingta avtotransport vositasining uzluksiz harakatlanishi taʼminlanib, 150 ming nafar aholi uchun xavfsiz va qulay transport infratuzilmasi yaratildi”, – deyiladi IMV axborotida.



