13-oktabr kuni Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanining tog‘li hududlarida kuzatilgan sel oqibatida bir kishi vafot etdi, deya xabar bermoqda viloyat FVB.

Ma’lum qilinishicha, soat 17:30 atrofida kuzatilgan qisqa muddatli kuchli yomg‘ir sababli tumanning Qo‘ng‘irot mahallasi Shakarbuloq qishlog‘i hududidan sel oqib o‘tgan.

Yo‘ldan adashgan Damas avtomobili haydovchisi va uning hamrohi yo‘nalishni aniqlash maqsadida sel suvlari o‘tadigan hududda to‘xtagan. Shu vaqtda avtomobil sirpanib, sel yo‘lining chuqurroq qismiga tushib ketgan."Gazeta"da reklama

Shundan so‘ng haydovchi mashinadan tushib, aloqaga chiqishga uringan va hamrohini sel kelayotgani haqida ogohlantirgan. Biroq kuchli sel oqimi Damas va uning ichida bo‘lgan yo‘lovchini oqizib ketgan.

Olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari davomida yo‘lovchining jasadi topilgan. Hodisa joyiga mas’ullar jalb etilgan, deyiladi xabarda.

Avvalroq O‘zgidromet 13−14-oktabr kunlari qator viloyatlarning bir qancha tumanlarida sel-suv toshqini yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirgandi.