Naked Science nashri tanlov gʻoliblari va hakamlar yuqori baholagan ishlardan saralangan suratlarni taqdim etdi. Ularda yirtqichlarning ovi, hayvonlarning bolalariga gʻamxoʻrligi va tabiatdagi kutilmagan uchrashuvlar aks etgan.
Birinchi oʻrin - «Hayot uchun kurash», Kevin Shi

Fotograf ikki bolasini boqayotgan urgʻochi pumani bir necha kun kuzatgan. Tongda yirtqich guanakoga sekin yaqinlashib, hujumga oʻtgan. Puma oʻljasini yiqitish va boʻynidan tishlashga qayta-qayta uringan, ammo guanako oxir-oqibat qochib qutulgan.
Ikkinchi oʻrin - «Baland togʻlar», Marko Gayotti
Suratda quyosh botayotgan paytda Efiopiya togʻligidagi qoyada oʻtirgan gelada aks etgan. Faqat Efiopiyada uchraydigan bu primat koʻkragidagi qizgʻish dogʻi bilan ajralib turadi. Uning ozuqasi deyarli toʻliq oʻt-oʻlanlardan iborat.
Uchinchi oʻrin - «Uyqudagi goʻzal», Feliks Belluen

Fotograf 2025-yil yozida Shpitsbergen shimolidagi qalin Arktika muzlari orasida suzayotgan kemada boʻlgan. Uzoqdagi muz yonbagʻrida junga oʻxshash bir narsani koʻrib, dron uchirgan.
Yaqinroqdan qaralganda, yorqin moviy muz shakli yonidagi chuqurchada gʻujanak boʻlib uxlayotgan oq ayiq koʻringan. Fotograf hayvonni bezovta qilmaslik uchun dronni balandda ushlab, suratga olgach, uzoqlashgan.
«Bolasi bilan parvoz», Duglas Gimezi

Hakamlar yuqori baholagan suratda Melburn yaqinidagi daraxtlar orasida bolasini koʻtarib uchayotgan kulrang boshli uchar tulki - yirik koʻrshapalak tasvirlangan. Bolalari ogʻirlashib qolguncha onasiga yopishib yuradi. Keyin esa daraxtlarda boshqa bolalar bilan qolib, onalarining qaytishini kutadi.



