Asosiy ma’lumotlar

  • Shavkat Mirziyoyev 14–15-oktabrlarda Ozirbayistonga ishchi tashrif buyuradi
  • Bokuda SVMDAning yettinchi sammiti bo‘lib o‘tadi
  • Sammit yakunida Boku deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozirbayiston Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 14–15-oktabrlarda mazkur davlatga ishchi tashrif buyuradi.

Davlatimiz rahbari Bokuda bo‘lib o‘tadigan Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha uchrashuvning yettinchi sammitida qatnashadi.

Ozirbayiston raisligi doirasidagi forum kun tartibiga Osiyo qit’asida ishonch, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, shuningdek, Uchrashuvni institutsional rivojlantirishning dolzarb masalalari kiritilgan.

Transport o‘zaro bog‘liqligi, raqamlashtirish, barqaror iqtisodiy o‘sish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqiladi.

Sammit yakunlariga ko‘ra Boku deklaratsiyasi, shuningdek, Tashkilotning roli va samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlar to‘plamini qabul qilish rejalashtirilgan.

Sammit doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

SVMDA — Osiyoda hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan xalqaro forum. Hozirda Uchrashuv qit’a hududi va aholisining taxminan 90 foizini tashkil etuvchi 28 davlatni birlashtiradi.