DW xabariga koʻra, Sobyanin dronlar Moskva viloyatining aynan qaysi hududlarida yoʻq qilingani va ularning ehtimoliy nishonlari haqida maʼlumot bermagan.
«Rosaviatsiya»ning bildirishicha, 13-oktabr oqshomida Vnukovo, Domodedovo, Sheremetevo va Jukovskiy aeroportlarida samolyotlarni qabul qilish va uchirishga vaqtincha cheklovlar kiritilgan.
TASS maʼlumotiga koʻra, Moskvaga uchayotgan 30 dan ortiq samolyot boshqa shaharlarga yoʻnaltirilgan. Jumladan, Vnukovoga qoʻnishi kerak boʻlgan 19 ta samolyot Nijniy Novgorod, Sankt-Peterburg, Minsk, Pskov va Istanbul aeroportlariga qoʻngan.
«Ostorojno, novosti» Telegram-kanali esa Pulkovo aeroporti maʼlumotlariga tayanib, Moskvaga yoʻl olgan 20 ta samolyot Sankt-Peterburgga yoʻnaltirilganini xabar qilgan.
14-oktabrga oʻtar kechasi Volgograd, Nijniy Novgorod, Samara, Penza, Saratov va Yaroslavl aeroportlarida ham vaqtincha cheklovlar joriy etilgan.
«Pobeda» aviakompaniyasi Moskva aviauzeli va Volgaboʻyi aeroportlaridagi uzoq davom etgan cheklovlar sababli parvozlar jadvaliga oʻzgartirishlar kiritilganini maʼlum qilgan.
Ayni paytda Saratov viloyati gubernatori Roman Busargin Balakovo shahrida dron hujumi oqibatida bir nechta turar joyga zarar yetganini bildirgan. Uning dastlabki maʼlumotiga koʻra, bir kishi halok boʻlgan. Hodisa joyida tezkor xizmatlar ishlamoqda.
Stavropol oʻlkasi rahbari Vladimir Vladimirov esa Nevinnomissk shahri sanoat hududi tomon yoʻnalgan dronlar hujumi havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan qaytarilganini aytgan. U qaysi sanoat obyektlari nishonga olingan boʻlishi mumkinligiga aniqlik kiritmagan.



