AQSH prezidenti Donald Tramp Grenlandiyada neft, gaz va foydali qazilmalarni keng ko‘lamda qidirish ishlari boshlanishga tayyorlanayotganini ma’lum qildi. U bu haqda 14-oktyabr kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozgan.



Trampning ta’kidlashicha, Grenlandiyada dunyoning boshqa hududlariga qaraganda osonroq o‘zlashtirilishi mumkin bo‘lgan neft zaxiralari juda katta. Biroq u bu da’voni tasdiqlovchi tadqiqotlar, loyihada ishtirok etadigan kompaniyalar yoki qidiruv ishlari qachon boshlanishi haqida aniq ma’lumot bermagan. AQSHning ushbu jarayondagi ishtiroki qanday bo‘lishi ham hozircha noma’lum.



Tramp o‘z bayonotida Grenlandiyaning AQSH va Yevropa xavfsizligi uchun ahamiyatini ham alohida ta’kidlagan. Uning fikricha, kelajakda AQSHga qarshi amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan havo hujumlari Grenlandiya orqali o‘tishi mumkin. Prezident orolning geografik joylashuvi raketalar, dronlar va boshqa tahdidlarni aniqlash hamda ularga qarshi choralar ko‘rishda muhimligini bildirgan.


Ma'lumot uchun, o‘tgan oy AQSH, Daniya va Grenlandiya rahbarlari Arktikadagi xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan kelishuvni imzolagan edi. Hujjat AQSHning oroldagi harbiy ishtirokini kengaytirish, ikkita yangi harbiy baza tashkil etish va Tramp ilgari surgan “Oltin gumbaz” raketaga qarshi mudofaa tizimini joylashtirish imkoniyatlarini nazarda tutadi. Shu bilan birga, kelishuv Daniyaning suverenitetini va Grenlandiya aholisining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini tasdiqlaydi.