Naked Science nashri Heritage Daily’ga tayanib yozishicha, topilmalar Behbet-el-Hajar aholi punktida Misr Qadimiy yodgorliklar boʻyicha oliy kengashi ekspeditsiyasi tomonidan aniqlangan.

Qazishmalar mahalliy aholi vakillaridan biri uyi yaqinidagi yerga ishlov berayotganda yozuvli tosh boʻlagini topib olganidan keyin boshlangan. U bu haqda yodgorliklarni muhofaza qilish inspeksiyasiga xabar bergan.

Dastlabki tekshiruv tosh arxeologik ahamiyatga ega ekanini tasdiqlagan. Shundan soʻng hududga maxsus komissiya va qazishma guruhi yuborilgan.

Arxeologlar ikkita mahobatli firʼavn haykalining qismlari hamda Ramses II bilan bogʻliq iyerogliflar bitilgan pushti granit boʻlagini topgan.

Oliy kengash bosh kotibi Hisham el-Leytiyning maʼlum qilishicha, birinchi haykalning boshida «pshent» deb ataladigan qoʻsh toj tasvirlangan. U Yuqori Misrning oq va Quyi Misrning qizil tojlarini birlashtirib, ikki hududning firʼavn hokimiyati ostidagi birligini ifodalagan.

Haykal orqasidagi tayanch ustunning bir qismi ham saqlangan. Unda firʼavnning rasmiy unvonlari tarkibiga kirgan Gor nomi - «Xor-ka-naxt-meri-maat» yozuvi bor. Bunday nom hukmdorning Gor xudosi bilan bogʻliqligi va taxtga qonuniy huquqini taʼkidlagan.

Ikkinchi topilma - boshqa bir firʼavn haykalining qariyb 2,4 metr balandlikdagi saqlanib qolgan qismi. Arxeologlar bu haykal ham Ramses II ni tasvirlashi mumkin deb hisoblamoqda.

Uning oyoqlari va tagligi yoʻq, ammo yuqori qismida firʼavnlarga xos yoʻl-yoʻl «nemes» bosh kiyimi aks etgan. Bosh kiyimning tepa qismi qisman yoʻqolgan boʻlsa-da, haykalning boshi va yuz chizgilari ancha yaxshi saqlangan.

Buyuk Ramses nomi bilan ham tanilgan Ramses II Yangi podsholik davrida Misrning XIX sulolasiga mansub uchinchi firʼavn boʻlgan. U taxminan miloddan avvalgi 1279–1213-yillarda hukmronlik qilgan. Olti oʻn yillikdan ortiq davom etgan hukmronligi yirik qurilishlar, harbiy yurishlar hamda Misr va Nubiyada mahobatli ibodatxonalar va haykallar bunyod etilishi bilan ajralib turadi.