O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-oktabr kuni Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjat 12-oktabr kuni qonunchilik bazasida e’lon qilindi.
Farmon bilan hukumat tuzilmasiga O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — ta’lim va fan vaziri lavozimi kiritildi. 9-oktabr kuni ushbu lavozimga bungacha Sirdaryo viloyati hokimi bo‘lib ishlab kelgan Erkinjon Turdimov tayinlandi.
Farmonga muvofiq, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va fan vaziri ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar rahbarlarining, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi hamda ularni muvofiqlashtiradi.
Turdimovga qaysi idoralar biriktiriladi?
Farmon ilovasiga ko‘ra, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va fan vaziriga biriktirilgan organlar va tashkilotlar ro‘yxatiga quyidagilar kiritildi:
- Ta’lim va fan vazirligi hamda uning tizimidagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari, Kasb-hunar ta’limi, Innovatsion rivojlanish hamda Bilim va malakalarni baholash agentliklari;
- Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va Klinik audit inspeksiyasi;
- Ichki ishlar vazirligi — ta’lim muassasalarida hamda o‘quvchi va talabalar o‘rtasida huquqbuzarliklar va zo‘ravonlik jinoyatlarining oldini olish masalalari bo‘yicha;
- Yoshlar ishlari agentligi — yoshlar ta’limi, ularni kasb-hunarga o‘rgatish va tarbiyalash masalalari bo‘yicha;
- Fanlar akademiyasi;
- boshqa vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar — ularning zimmasiga ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohalarida yuklatilgan vazifalar qismida;
- Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi hamda viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari.
O‘zaro hamkorlik ta’minlanishi lozim bo‘lgan tashkilotlar alohida belgilandi."Gazeta"da reklama
Ular qatoridan Davlat xavfsizlik xizmati — giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi, yoshlarni jinoiy guruhlarga jalb etish, diniy ekstremizm va terrorizmning oldini olish masalalari bo‘yicha, shuningdek, Milliy gvardiya — o‘quvchi va talabalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mamlakat taqdiriga daxldorlik hissini mustahkamlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish masalalari bo‘yicha o‘rin olgan.
Vazirlar Mahkamasida yangi kotibiyat tashkil etiladi
Farmonda shtat birligi 12 kishidan iborat bo‘lgan Ta’lim, ilm-fan va sog‘liqni saqlash masalalari kotibiyatini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Ularning beshta shtat birligi Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘limidan o‘tkaziladi, yana yettitasi esa qayta tashkil etilgan Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari shtatlarini maqbullashtirish hisobiga shakllantiriladi.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasidagi Ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘limi Madaniyat va sport masalalari bo‘limi deb qayta nomlanadi.
Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasi boshqaruv xodimlarining umumiy soni 243 nafar etib belgilandi.
Hukumatga ikki hafta muddatda bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va fan vazirining funksional vazifalarini hamda uning kotibiyati to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlovchi qaror qabul qilish topshirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni Yangi Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Erkinjon Turdimovning bosh vazirning birinchi o‘rinbosari — ta’lim va fan vaziri etib tayinlanishiga izoh berdi.
“O‘zingiz ko‘rdingiz: men ta’lim vazirini almashtirdim. Eng ko‘p ishonadigan odamimni olib kelib, ta’lim vaziri qilib qo‘ydim, chunki [OTMlarning] soni ko‘paydi, lekin sifati tushib ketdi. Bu meni juda tashvishga solyapti”, — dedi prezident.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bungacha to‘rtta viloyatni boshqargan Turdimovning bu lavozimga tayinlanishi alohida ahamiyatga ega.
“Ta’limga juda katta e’tibor berish uchun men bosh vazir birinchi o‘rinbosari maqomini berganim bejiz emas. Endi davlatda tibbiyotga, ta’limga e’tibor mutlaqo o‘zgaradi”, — deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.



