O‘zbekistonda respublika kitobxonlik tanlovida sovrinli o‘rinlarni egallagan muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini bir oyga qisqartirish taklif etilmoqda. Bu haqdagi qonun loyihasi 13-oktabr kuni Qonunchilik palatasi majlisida birinchi o‘qishda qabul qilindi.

“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga harbiy xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun loyihasi haqida Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi Kozimjon Tojiyev ma’lumot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi harbiy xizmatni tashkil etish va o‘tash tartibini takomillashtirish, shuningdek, harbiy xizmatchilarni rag‘batlantirish va malakali uchuvchi mutaxassislarning kasbiy salohiyatidan samarali foydalanishni nazarda tutadi.

Xususan, “Ma'naviyat qalqoni” respublika kitobxonlik tanlovida sovrinli o‘rinlarni egallagan muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini bir oyga qisqartirish orqali ularni rag‘batlantirish taklif etilmoqda. Loyiha mualliflariga ko‘ra, bu chora harbiy xizmatchilarning kitob o‘qishga qiziqishini oshirish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va ularning ma’naviy-intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Muhokama davomida deputat Zuhriddin Mavlonov xizmat muddatini qisqartirish tartibiga oid takliflarini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, amaldagi qonunning 5-moddasida muddatli harbiy xizmat 12 oy etib belgilangan. Shu sababli kitobxonlik tanlovi g‘oliblari uchun xizmat muddatini bir oyga qisqartirish qoidasini qonunning o‘zida aniq belgilash kerak.

Deputat, shuningdek, xizmat muddatini qisqartirish harbiy xizmatchining xohishiga bog‘liq bo‘lishi lozimligini aytdi. Uning fikricha, tanlov g‘olibi xizmatni 11 oyda yakunlashni istamasligi va boshqa harbiy xizmatchilar qatori 12 oylik xizmatni to‘liq o‘tab, yakuniy tadbirlarda ishtirok etishni xohlashi mumkin. Shuning uchun xizmat muddatini qisqartirish harbiy xizmatchining arizasi asosida amalga oshirilishini nazarda tutuvchi normani kiritish taklif etildi.

Qonun loyihasining yana bir yo‘nalishi harbiy aviatsiya uchun malakali uchuvchi kadrlarni saqlab qolish va ularning kasbiy salohiyatidan samarali foydalanish bilan bog‘liq.

Loyihada oliy harbiy ta’lim muassasalari, shuningdek, xorijiy oliy harbiy ta’lim muassasalarining uchuvchi mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilari bilan yangi kontrakt tuzishning huquqiy asoslarini belgilash taklif qilinmoqda. Bu orqali uchuvchilarning kasbiy faoliyati barqarorligini ta’minlash, ularning malakasi va tajribasini oshirish hamda Qurolli Kuchlarning malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qanoatlantirish ko‘zda tutilgan.

Kozimjon Tojiyev zamonaviy aviatsiya texnikasini samarali va xavfsiz boshqarish, aviatsiya bo‘linmalarining jangovar shayligini ta’minlash yuqori kasbiy mahorat, maxsus tayyorgarlik va ko‘p yillik amaliy tajriba talab etishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi normalar harbiy aviatsiyani rivojlantirish va mamlakat havo sarhadlarini himoya qilish salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi."Gazeta"da reklama

Qonun loyihasini tayyorlashda xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilgan, shuningdek, u Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar bilan kelishilgan hamda Adliya vazirligining ijobiy xulosasini olgan.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.