Madaniy meros agentligi direktori o‘rinbosari Azizjon Aripjonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistondagi o‘zbek allomalarining tarixiy-madaniy meros obyektlarini o‘rgandi hamda ularni saqlash va qayta tiklash bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Delegatsiya a’zolari, xususan, Balx, Taxor, Sari Pul va Faryob viloyatlarida bo‘lib, qator noyob me’moriy yodgorliklar bilan yaqindan tanishgan va ular bo‘yicha zarur ma’lumotlarni to‘plagan.
Ular orasida Mozori Sharifdagi Ravzai muborak maqbarasi, Taxor viloyati Ishkamish uyezdidagi Bobo Rahim Mashrab ziyoratgohi, Sari Pul shahridagi g‘ishtdan qurilgan tarixiy ko‘prik, Xisht pul va Eidgoh masjidlari bor. Qolaversa, Imomzoda Yahyo maqbarasi, Faryob viloyati Andxoy uyezdidagi Bobo Vali Jon madrasa majmuasi, Alisher Navoiy tomonidan xayriya usulida qurilgan Bobo Vali hovuzi va Mirsaid Baraka me’moriy obidasi bilan tanishilgan.
“Mamlakat hududidagi tarixiy obidalarni kelajak avlodlarga asl holida yetkazish borasida hamkorlik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi… Afg‘onistondagi boy madaniy meros obidalarida o‘zbek xalqining munosib hissasi borligi e’tirof qilindi”, — deyiladi xabarda.

Muzokaralar yakunida mamlakatdagi tarixiy-madaniy meros obyektlari bo‘yicha yig‘ilgan ma’lumotlarni tahlil qilish hamda obidalarni asrab-avaylash va restavratsiya qilish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashga kelishib olindi."Gazeta"da reklama
2023-yilning fevral oyida Mozori Sharifdagi Alisher Navoiy haykali tushirilgan barelefga zarar yetkazilgandi. O‘shanda Afg‘oniston tomoni bilan bog‘langan O‘zbekiston TIV bu vandalizm “noma’lum shaxslarning o‘zboshimchalik va o‘ylamasdan qilgan harakati” ekanini bildirib, yodgorliklarni tiklash choralari ko‘rilishini ma’lum qilgan.
2025-yilning avgust oyida esa haykal butunlay vayron qilindi. “Tolibon” buzilish hukumat bilan kelishilmaganini aytib, taassuf bildirgan va yangi yodgorlik va’da qilgan. Keyinchalik Alisher Navoiy nomidagi yangi yodgorlik-majmua qurilishi boshlangani xabar qilingan.



