Surxondaryo viloyati Jarqo‘ton arxeologik yodgorligida bronza davriga oid inshootlar, o‘choq va qabrlar topildi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar qildi.

Jarqo‘tonda arxeologik qazishma va ilmiy tadqiqot ishlari joriy yilning oktabr oyida boshlangan. Ekspeditsiyaga Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Komil Rahimov rahbarlik qilmoqda.

Tadqiqotlarda Termiz davlat universiteti talabalari hamda Italiyaning Salento universiteti magistranti Francheska Kondjedo ham ishtirok etmoqda.

Qazishmalar davomida yodgorlik hududidan xom g‘ishtdan qurilgan inshootlar va diametri 70 santimetr bo‘lgan o‘choq topildi. Bu topilmalar Jarqo‘ton bosqichidagi qurilish an’analari va turar joylar tuzilishini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Yodgorlik qabristonining g‘arbiy qismida olib borilgan qazishmalar vaqtida qabrlardan birida to‘rtta butun sopol idish aniqlandi.

Shuningdek, yodgorlikning asosiy hududidan tashqarida o‘tkazilgan qazish ishlari natijasida yosh bola qabri, Sopolli madaniyatining Jarqo‘ton bosqichiga oid xo‘jalik o‘rasi va aylana shaklidagi ikkita kul o‘rasi qayd etildi."Gazeta"da reklama

Aniqlangan arxeologik topilmalar bronza davriga — miloddan avvalgi III-I ming yilliklarga oid. Ular qadimgi aholining turmush tarzi, xo‘jalik faoliyati, dafn marosimlari hamda yodgorlik hududining tarixiy rivojlanish bosqichlarini chuqurroq o‘rganish imkonini beradi.

Topilmalarni qiyosiy va tipologik tahlil qilish orqali Jarqo‘tonning ayrim hududlari qanday vazifani bajargani va vaqt o‘tishi bilan qanday rivojlanganiga oid yangi ilmiy xulosalar olish kutilmoqda.

Ayni paytda Jarqo‘ton yodgorligida arxeologik qazishma va ilmiy tadqiqot ishlari davom etmoqda.