Toshkentning Farg‘ona yo‘li ko‘chasida jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘laklarda harakatni nazorat qiluvchi kameralar o‘rnatildi, deya xabar bermoqda poytaxt Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM).

Kameralar bilan ikkala yo‘nalishdagi 6 km uzunlikdagi uchastka jihozlangan. Ular qoidabuzarliklarni soat 6:00 dan 23:00 gacha qayd etadi (2025-yil may oyidan boshlab tungi vaqtda ajratilgan yo‘laklar bo‘ylab har qanday transport vositasi harakatlanishiga ruxsat berilgan).

Boshqa ko‘chalarda ham jamoat transportining ustuvorligini ta’minlash uchun bosqichma-bosqich kameralar o‘rnatiladi, deya qayd etdi YHTEM.

“Bitta avtobusda bir vaqtning o‘zida 50 nafardan ortiq yo‘lovchi bo‘lishi mumkin. Avtomobil ajratilgan yo‘lakka chiqib, avtobus harakatiga to‘sqinlik qilsa, bu shunchaki bitta transport vositasining emas, balki ishga, o‘qishga, uyiga yoki boshqa muhim yumushlari bilan shoshilayotgan o‘nlab insonlarning kechikishiga sabab bo‘ladi”, — deya eslatib o‘tdi markaz.

2022-yilning fevral oyida Toshkent shahri Transport boshqarmasi Farg‘ona yo‘lidagi ajratilgan yo‘laklarni “ishlashini” ta’minlashga va’da bergan edi. Hozirgacha ularda oddiy avtomobillar harakatlanib kelayotgandi."Gazeta"da reklama

Muammolardan yana biri — YHXB xodimlari tomonidan hujjatlarni tekshirish va YHQ buzilishini rasmiylashtirish uchun avtomobillarni shu yerda to‘xtatib, ajratilgan yo‘laklarni to‘sib qo‘yish. Gazeta bunga bir necha bor YHXX vakillari e’tiborini qaratgan. Nashr bu bo‘yicha YHTEMga so‘rov yubordi.

Ishlamayotgan ajratilgan yo‘laklar muammosi haqida bahorda Gazeta`ga bergan intervyusida poytaxt hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev ham to‘xtalib o‘tgan edi. “Kameralarsiz bo‘laklarning ishlashiga erisha olmaymiz”, — degandi u.

Bundan tashqari, avtomobillarning ajratilgan yo‘lakka chiqishini nazorat qilish, shuningdek, boshqa qoidabuzarliklarni qayd etish uchun avtobuslarga kameralar o‘rnatish loyihasi haqida ham xabar berilgan edi.

Shu bilan birga, u ajratilgan yo‘laklar to‘g‘ri tashkil etilishi kerakligini ta’kidlagan. Shaharning ko‘plab joylarida ular hech qanday hisob-kitoblarsiz va harakat yo‘laklarini tashkil etishni qayta ko‘rib chiqmasdan chizilgan edi. “Shunchaki bo‘lakni chizib qo‘yib, u ishlaydi deb kutish mumkin emas”, — degan edi hokimning birinchi o‘rinbosari.