Kompozitor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, professor Feliks Yanov-Yanovskiy 12-oktabr kuni Toshkentda 92 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston bastakorlar uyushmasi xabar berdi.

Feliks Yanov-Yanovskiy 1934-yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1957-yilda Toshkent davlat konservatoriyasini Naum Bronfman sinfida skripka yo‘nalishi bo‘yicha, 1959-yilda esa Boris Nadejdin sinfida kompozitsiya yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan.

U talabalik yillaridayoq musiqachi sifatida ish boshlagan. Drama teatri orkestrida, Davlat simfonik orkestrida hamda O‘zbek radiosining torli kvartetida chalgan."Gazeta"da reklama

1961-yildan Yanov-Yanovskiy Toshkent konservatoriyasida dars bergan. 1988-yilda professor unvonini olgan va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi unvoniga sazovor bo‘lgan.

Bastakorlar uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, Yanov-Yanovskiyning ijodiy merosiga to‘qqizta opera, to‘rtta balet, beshta simfoniya, instrumental konsertlar, kamer, vokal va xor asarlari kiradi. Uning ishlari orasida “Orkestr” va “Akkompaniator” operalari, “Urashima Taro” baleti hamda Rekviyem bor. Shuningdek, u 60 ta filmga, jumladan, “Mehribon yomg‘ir yog‘adi” nomli mashhur multfilmga va 15 ta teatr spektakliga musiqa yozgan.

Kompozitorning asarlari Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, AQSh, Yaponiya va boshqa mamlakatlarda ijro etilgan. Uning musiqasi bir qator xalqaro tanlov va festivallarda mukofotlarga sazovor bo‘lgan.

Kultura.uz saytida e’lon qilingan ta’ziyanomada musiqashunos Inessa Gulzarova Yanov-Yanovskiy ijodining ko‘p qirrali ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompozitor simfoniya va operalardan tortib kamer musiqasi hamda estrada qo‘shiqlarigacha bo‘lgan turli janrlarda ijod qilgan, folklor an’analarini zamonaviy badiiy usullar bilan uyg‘unlashtirgan.

“Feliks Markovich noyob ohang va ranglar muhitini yaratish, tembr hamda intonatsiyaning eng mayda jihatlarigacha e’tibor berishdek ajoyib iste’dodga ega edi. Uning musiqasida o‘ziga xos folklor an’analari va ilg‘or badiiy tafakkur hayratlanarli tarzda uyg‘unlashgan. […] Feliks Markovichning har bir asarida ildizlar, xalq donishmandligi bilan chuqur bog‘liqlik sezilib turar, ular yangicha g‘oyalar va jasur tajribalar bilan uyg‘unlashardi. U madaniy tafovutlar va geografik chegaralardan qat’i nazar, har kimga tushunarli bo‘lgan universal tilni topa olardi”, — dedi Inessa Gulzarova.

Kompozitor Aleksandr Pushkin, Oskar Uayld, Emil Verxarn, Matsuo Basyo, Federiko Garsia Lorka va boshqa shoir hamda yozuvchilar asarlaridan ilhom olgan.

Gulzarova uning bir necha avlod musiqachilarini tarbiyalashdagi o‘rnini alohida qayd etdi.

“Uning pedagogik faoliyati bastakorlik faoliyatidan kam ahamiyatga ega emas edi”, — deb yozdi musiqashunos. Uning ta’kidlashicha, Feliks Yanov-Yanovskiy talabalarga o‘z ijodiy qiyofasini rivojlantirish va musiqiy uslubini topishda yordam bergan.

O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi kompozitorning oilasi, yaqinlari, shogirdlari va hamkasblariga hamdardlik bildirdi.