Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-iyundagi PQ–209-son qarori asosida, prezident tashabbusi bilan  Oʻzbekiston madaniyat vazirligi xuzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan «RAMZ-FILM» kinostudiyasi tomonidan «SHIROQ» tarixiy filmi ishlab chiqarilmoqda.

Film xalqimiz tarixida alohida oʻrin tutgan, Vatan ozodligi va el erkinligi yoʻlida oʻz jonini qurbon qilgan milliy qahramon Shiroqning mislsiz jasorati haqida hikoya qiladi.

Foto: RAMZ-FILM

Shiroq - dushmanga qarshi faqat qurol bilan emas, aql-zakovat, matonat va fidoyilik bilan kurashgan qahramon. U oʻzini qabiladoshlaridan jabr koʻrgan kishi sifatida koʻrsatib, Ahamoniylar hukmdori Doroning ulkan qoʻshinini suvsiz sahro ichkarisiga boshlaydi. Oʻz hayotini qurbon qilish evaziga bosqinchilar lashkarini halokatga mahkum etib, ona yurtini dushman istilosidan saqlab qoladi.

Shiroq haqidagi tarixiy rivoyat qadimgi yunon muallifi va harbiy tarixchisi Polienning «Harbiy hiylalar» - «Strategemata» asarida keltirilgan. Film ssenariysi ham ana shu tarixiy manba asosida yaratilgan boʻlib, unda Shiroqning Vatan himoyasi yoʻlidagi jasorati, harbiy tadbirkorligi va tengsiz fidoyiligi badiiy talqin etiladi.

Foto: RAMZ-FILM

Shiroq timsoli asrlar davomida xalqimiz uchun vatanparvarlik, mardlik va matonat ramzi boʻlib kelgan. Shu bois filmning gʻoyaviy mazmunida Vatanga sadoqat, milliy gʻurur, ajdodlar xotirasiga ehtirom va harbiy burchga sadoqat kabi yuksak qadriyatlar ustuvor oʻrin egallaydi. Asar yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini targʻib etishga xizmat qiladi.

Foto: RAMZ-FILM

Film ustida katta ijodiy va ishlab chiqarish jamoasi mehnat qilmoqda: ssenariy muallifi - Nazar Eshonqulov. Bosh rejissyor - Muzaffarxon  Erkinov. Bosh operator - Ravshan Mirzakamalov. Bosh rassom - Qahramon Matkarimov. Bastakor - Muinzoda.