DW xabariga koʻra, Mers 13-oktabr kuni Berlinda Germaniya ish beruvchilar uyushmalari federal birlashmasi - BDA tashkil etgan «Ish beruvchilar kuni» tadbirida soʻzga chiqqan.
Kanslerning fikricha, ish vaqtini moslashuvchan tashkil etish korxonalarga ham, xodimlarga ham yangi imkoniyatlar yaratadi.
«Xalqaro korxonalar bor, ularda ketma-ket 12 soat ishlashadi. Haftasiga uch marta, keyin esa - yetarli», - degan Mers.
Uning bahosicha, bunday tartib xodimlarga oilasi uchun koʻproq vaqt ajratish imkonini beradi. Kansler sakkiz soatdan ortiq ishlashni har doim ham ekspluatatsiya deb baholab boʻlmasligini, bu korxona va xodimlarga ish vaqtini qulay taqsimlash imkoniyatini berishi mumkinligini aytgan.
Mers hukumat ish vaqtiga moslashuvchan yondashuvni nazarda tutuvchi qonun loyihasini allaqachon tayyorlashi kerak boʻlganini taʼkidlagan. Rejaga koʻra, hujjatda ish soatlarining kunlik emas, haftalik maksimal chegarasi belgilanadi. Bu turli ish jadvallarini shakllantirishga yoʻl ochishi kutilmoqda.
Kansler, shuningdek, korxonalarga xodimlar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzish uchun kengroq imkoniyat berish va yuqori lavozimdagi menejerlarni ishdan boʻshatish tartibini soddalashtirish tarafdori ekanini bildirgan.
Qonun loyihasining yakuniy tahriri bilan Germaniyaning yangi mehnat va ijtimoiy masalalar vaziri Aleksander Shvayser shugʻullanishi kutilmoqda. Prezident Frank-Valter Shtaynmayer uni 13-oktabr kuni mazkur lavozimga tayinlagan.
Ilgari Reynland-Pfals yeri hukumatiga rahbarlik qilgan Shvayser oldida pensiya islohotini amalga oshirish vazifasi ham turibdi.
Avvalgi vazir Berbel Bas ogʻir shaxsiy holatlar sababli hukumat va partiyadagi vazifalarini toʻliq bajara olmayotganini bildirib, 12-oktabrdan mehnat vaziri hamda Sotsial-demokratik partiya hamraisi lavozimlarini tark etishini eʼlon qilgan edi.



