Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi 12-oktabr kuni Toshkent shahri va viloyatidagi issiqxona xo‘jaliklarining ekologik toza isitish texnologiyalariga o‘tish bo‘yicha takliflari haqida xabar berdi. Poytaxtda ularning faoliyatini saqlab qolish va shu bilan birga “yashil issiqxonalar”ga aylantirish imkoniyati muhokama qilinmoqda.
Qo‘mitaning qayd etishicha, sovuq kunlar tushishi va atmosfera inversiyasi yuzaga kelishi, tunda harorat keskin pasayib, shamol bo‘lmasligi oqibatida, isitish uchun ko‘mirdan foydalanayotgan issiqxonalarning chiqindilaridan havo ifloslanayotgani bo‘yicha aholidan tushayotgan shikoyatlar ko‘paygan.
Xususan, murojaatlar Toshkentning Yunusobod tumani aholisidan kelib tushgan bo‘lib, ular havo sifati yomonlashgani va noxush hidlar paydo bo‘lganini ma’lum qilgan.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, ekologiya xizmatlari mutaxassislari fuqarolarning murojaatlari bo‘yicha joylarga chiqib, vaziyatni baholash va ifloslanish manbalariga nisbatan choralar ko‘rish uchun tekshiruvlar o‘tkazgan hamda havo namunalarini olgan."Gazeta"da reklama
Idoraning eslatib o‘tilishicha, poytaxt atmosfera havosini ifloslantiruvchi asosiy manbalarga sanoat korxonalari, avtotransport va isitish tizimlari kiradi. Kuz-qish mavsumida turar joy dahalari yaqinida joylashgan issiqxonalar qo‘shimcha ifloslanish manbaiga aylanadi.
Issiqxonalarga qanday shartlarda ishlashga ruxsat berish taklif qilinmoqda?
Milliy qo‘mitaning ma’lum qilishicha, issiqxona xo‘jaliklari vakillari amaldagi obyektlarni modernizatsiya qilish, energiya tejamkor isitish tizimlariga o‘tish va ifloslantiruvchi moddalar chiqindilarini belgilangan normativlargacha kamaytirishga tayyor ekanini bir necha bor bildirgan.
Takliflarda zamonaviy isitish tizimlaridan foydalanish va chiqindilarni real vaqt rejimida monitoring qilishni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Xususan, isitish tizimlariga ega va davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgan issiqxona xo‘jaliklarini tabiiy va suyuqlantirilgan gaz, elektr, geotermal va quyosh energiyasi, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqariladigan ikkilamchi issiqlikdan foydalanishga o‘tkazish taklif etilmoqda.
Ushbu energiya manbalaridan foydalanish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, tadbirkorlar issiqxonalarni ko‘mir bilan isitishga ruxsat berishni taklif qilmoqda.
Bunday holda, xo‘jaliklar ekologik normativlarga javob beradigan, chiqindilarni tozalash va filtrlash tizimlari majburiy o‘rnatilgan zamonaviy sertifikatlangan qozonlardan foydalanishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, ma’lumotlar va videooqimni Ekologik monitoring milliy markaziga uzatuvchi videokuzatuv tizimlarini o‘rnatish taklif etilmoqda.
Xitoy filtrlarining sinovlari normativlarga mos kelmasligini ko‘rsatdi
Tadbirkorlarning takliflari Ekologiya qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi va Energetika vazirliklari hamda boshqa davlat organlari vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqildi.
Issiqxona xo‘jaliklari Xitoy texnologiyalari asosida ishlab chiqilgan qozonxona uskunalari va filtrlardan iborat kompleks isitish tizimining tajriba nusxasini taqdim etdi.
Ekologik monitoring milliy markazi mutaxassislari tasdiqlangan metodika bo‘yicha chiqindilar yuzasidan bir necha bor o‘lchov ishlarini o‘tkazdi. Sinovlar OAV va qo‘mita huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
30-sentabr va 8-oktabr kunlari o‘tkazilgan o‘lchovlar taqdim etilgan filtrlash tizimi aholi salomatligi uchun xavfsiz bo‘lgan chiqindilar normativlariga mos kelmasligini ko‘rsatdi.
Kelishuvga ko‘ra, issiqxona xo‘jaliklari vakillari filtrning tajriba nusxasini takomillashtirishlari kerak. Shundan so‘ng ishchi guruh qayta o‘lchovlarni o‘tkazadi.
Qo‘mita, shuningdek, issiqxona xo‘jaliklarining qozonxona uskunalari filtrlari uchun xavfsiz chiqindilar normativlarini belgilovchi hujjat loyihasi tayyorlanayotganini ma’lum qildi.
Subsidiyalar va soliq imtiyozlari
Ekologik toza isitish texnologiyalariga o‘tish va “yashil issiqxonalar”ga aylanish niyatida bo‘lgan issiqxona xo‘jaliklari uchun subsidiyalar va soliq imtiyozlari paketi ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, poytaxt mintaqasida ekologik xavfsiz isitish tizimlari bilan jihozlanmagan issiqxona xo‘jaliklari faoliyatiga qo‘yilgan taqiq saqlanib qoladi.
Ekologiya qo‘mitasida buni ifloslantiruvchi moddalar aholi salomatligiga yetkazadigan zarar bilan izohlashdi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning noyabrida Toshkentda havo sifati yomonlashgani fonida poytaxt va yon-atrofdagi hududlardagi barcha issiqxonalarni shoshilinch ravishda gaz bilan isitishga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilingan edi.
2026-yilning iyun oyida maxsus komissiya Toshkent viloyatining Qibray, Toshkent, Zangiota va Yuqori Chirchiq tumanlaridagi issiqxonalarni demontaj qilish hamda ularni sun’iy isitish tizimlaridan uzishga kirishdi. Tadbirkorlarga xo‘jaliklarini Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chirish taklif etildi.
Shu bilan birga, Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov Gazeta`ga bergan intervyusida poytaxt mintaqasida faoliyatini davom ettirishni xohlovchi issiqxona xo‘jaliklari uchun filtrlar o‘rnatish va chiqindilarni tozalagan holda ruxsat etilgan yoqilg‘i turlaridan foydalanish imkoniyati ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun moliyaviy qo‘llab-quvvatlash instrumentlari ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-oktabrdan boshlab Toshkentda va unga tutash hududlarda yangi issiqxonalar tashkil etishga cheklov joriy etilishi ko‘zda tutilgan edi.



