Islom sivilizatsiyasi markazi va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamkorligida talabalarni bevosita ish jarayonida tayyorlashga qaratilgan dual ta’lim yo‘lga qo‘yildi. Hamkorlik doirasida bo‘lajak jurnalistlarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va gid-jurnalistlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi.
2026-yil 30-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev pedagoglar bilan uchrashuvda oliy ta’limda dual ta’limni rivojlantirish, universitetlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidlagan edi. Davlat rahbari ilgari surgan «korxona – oliygoh – maqsadli kadr» tamoyili nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan.
Mazkur tashabbus doirasida tashkil etilgan uchrashuvda Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi. Unda talabalar bilimini amaliy faoliyat bilan mustahkamlash, Markazning ilmiy-ma’rifiy merosini zamonaviy media vositalari orqali yoritish masalalari muhokama qilindi.
Firdavs Abduxoliqov ta’lim va amaliyotni uyg‘unlashtirish, yoshlarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda milliy merosni zamonaviy media orqali targ‘ib qilish muhimligini qayd etdi. Uning aytishicha, talabalar uchun xorijiy ekspertlarni ham jalb etish rejalashtirilgan. Bu ularga xalqaro tajriba bilan tanishish va media sohasidagi ilg‘or yondashuvlarni o‘rganish imkonini beradi.
Markaz rahbari, shuningdek, tarixiy va ilmiy merosni xalqaro auditoriyaga yetkazishda jurnalistlarning kasbiy mahorati muhimligini ta’kidladi. Uning fikricha, axborotni shunchaki yetkazish emas, balki ishonchli manbalarga tayanib, tarixiy voqea va hodisalarning mazmunini turli auditoriyalarga tushunarli tarzda ochib berish ham zarur.
Uchrashuvda gid-jurnalistlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Markazga turli mamlakatlardan olimlar, tadqiqotchilar, jurnalistlar va sayyohlar tashrif buyurishini hisobga olganda, bo‘lajak mutaxassislar tarixiy bilim, jurnalistik mahorat, muloqot madaniyati va xorijiy tillarni bilish kabi ko‘nikmalarga ega bo‘lishi lozim.
Universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja ham dual ta’lim bo‘lajak jurnalistlarning kasbiy tayyorgarligini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, zamonaviy jurnalistdan matn yozish bilan birga, ma’lumotlarni tahlil qilish, faktlarni tekshirish, turli formatlarda kontent tayyorlash va auditoriya bilan samarali muloqot qilish ham talab etiladi.
Rektor Markaz bilan hamkorlik talabalar uchun tarix, ilm-fan, madaniyat va ma’naviy merosga oid mavzularda materiallar tayyorlash, intervyu olish va reportajlar yaratish imkonini berishini bildirdi. Shuningdek, u gid-jurnalistlar tayyorlash tashabbusini istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida baholadi.
Hamkorlik talabalarni real kasbiy muhitga olib kirish, ularning amaliy tajribasini oshirish va Islom sivilizatsiyasi markazining boy ilmiy-ma’rifiy merosini zamonaviy media formatlari orqali kengroq auditoriyaga yetkazishga xizmat qilishi kutilmoqda.



