2026-yilning 9 oyi davomida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish va qoidalarni buzish bilan bog‘liq 2795 ta holat aniqlandi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (O‘zenergoinspeksiya) xabar berdi.

Qayd etilishicha, noqonuniy ravishda 129,1 mln kub metr tabiiy gaz va 226,4 mln kVt/soat elektr energiyasidan foydalanish natijasida davlat manfaatlariga jami 825,3 mlrd so‘m zarar yetkazilgan. Energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzgan iste’molchilarga nisbatan 4196 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Neft mahsulotlari sifati ustidan nazorat tadbirlarida avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari va korxonalardan olingan namunalarning 308 ta holatida 7435 tonna neft mahsuloti sifatsiz ekani aniqlangan. Ularning sotuvga chiqarilishi oldi olingan.

Inspeksiya ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda 9168 ta obyektning elektr ta’minoti loyihalari ekspertizadan o‘tkazilib, tegishli xulosalar berilgan. Shuningdek, 5674 ta iste’molchining elektr qurilmalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan.

O‘zenergoinspeksiya tadbirkorlik subyektlarining elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun hisob-kitoblarini ham o‘rgangan. Joriy yilda 199 ta tadbirkorlik subyektiga elektr energiyasi uchun ortiqcha hisoblangan 3,632 mlrd so‘m va tabiiy gaz uchun ortiqcha hisoblangan 12,084 mlrd so‘m qayta hisob-kitob qilingan. Inspeksiya bu orqali iste’molchilarning huquq va manfaatlari tiklanganini bildirgan.

Davlat energetika reyestriga muvofiq, joriy yilda 371 ta korxonada energiya auditi o‘tkazilishi belgilangan. Korxonalar murojaatlari tahlili asosida faoliyati qisqargan yoki tugatilgan 58 ta korxona aniqlangan. Hozirgacha 294 ta iste’molchida audit ishlari boshlangan, shulardan 180 tasida audit to‘liq yakunlangan. Majburiy energiya auditidan o‘tmagan 16 ta korxona mas’ullariga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanilgan."Gazeta"da reklama

Inspeksiya iste’molchilarni elektr va gaz tarmoqlariga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulanmaslikka, shuningdek, hisobga olish uskunalariga tashqi aralashuv orqali energiya resurslaridan noqonuniy foydalanmaslikka chaqirdi.

Avvalroq O‘zbekistonda elektr, gaz va boshqa muhandislik tarmoqlariga noqonuniy ulanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilgandi. Yangi qonunga ko‘ra, jarimalar oshirildi, takroran sodir etilsa jinoiy javobgarlik qo‘llanadi.

Ma’lumot uchun, 2025-yilda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 2887 ta holat aniqlangan bo‘lib, bu holatlar davlat manfaatlariga jami 1 trln 243 mlrd so‘m zarar yetkazgan. Shuningdek, 2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 885 ta holat aniqlandi. Bu orqali davlat manfaatlariga qariyb 196 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.