Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 12-oktyabrdagi PQ–368-son qaror bilan 2026–2030-yillarda transport-logistika tizimini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.

 

Unga ko‘ra, transport-logistika markazlarining yillik quvvati kamida 40 million tonnaga, transport va logistika xizmatlari eksporti 3,5 milliard dollarga yetkaziladi. Respublika hududi orqali tranzit yuk tashish hajmini 18,5 million tonnaga oshirish, xalqaro quruqlik portlari sonini esa 24 tadan 30 taga yetkazish rejalashtirilgan.

 

Shuningdek, davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlarining yuk tashish qobiliyati hamda transport-logistika markazlarida konteynerlarga ishlov berish quvvati ikki barobar oshiriladi.

 

Qarorda transport-logistika sohasiga ixtisoslashtiriladigan hududlar ham belgilangan. Bular — Andijon viloyatining Xonobod shahri, Buxoro viloyatining Olot tumani, Surxondaryo viloyatining Termiz tumani hamda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari.

 

Transport-logistika markazlarida terminallarni boshqarish (TOS) va omborlarni boshqarish (WMS) tizimlari joriy etiladi. Ular 2030-yil oxirigacha Transport vazirligining “E-logistika” platformasiga ulanadi.

 

Bundan tashqari, belgilangan talablarga javob beradigan transport-logistika markazlari 2040-yilgacha yer va mol-mulk soliqlaridan ozod qilinadi. Buning uchun markaz tegishli xalqaro bitimga kiritilgan, zarur tizimlarni joriy etgan va “E-logistika” platformasida “BB” yoki undan yuqori reytingga ega bo‘lishi kerak.

 

Transport-logistika markazlari reyestriga kiritilgan markazlar 2029-yil 1-avgustgacha O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan omborxona uskunalari, yuk ortish-tushirish texnikasi, agregatlar va ehtiyot qismlarni import qilishda bojxona bojidan hamda majburiy sertifikatlashdan ozod etiladi.

 

2026-yil 1-noyabrdan boshlab xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun amaldagi bojxona yig‘imi stavkasi 20 foizga pasaytiriladi.

 

Shuningdek, 2027-yil 31-dekabrgacha M₂, M₃ va N toifadagi transport vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan komponentlarni bojxona boji to‘lamasdan import qilishi mumkin.