AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning O‘zbekistonga tashrifi dasturiga oid yangi tafsilotlar ma’lum bo‘ldi. AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi idorasi xabariga ko‘ra, safar Vashingtonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan strategik hamkorligini mustahkamlash, savdo va investitsiya aloqalarini kengaytirishga qaratilgan.

 

Marko Rubio 17–22-oktyabr kunlari O‘zbekistonning Samarqand shahri, shuningdek, Hindistonning Mumbay va Jamnagar shaharlariga boradi.

 

Samarqandda AQSh Davlat kotibi C5+1 vazirlar uchrashuvida ishtirok etadi. Unda AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi strategik hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va farovonlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi.

 

Qolaversa, Rubio Markaziy Osiyoning beshta davlati — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘izistonning yuqori lavozimli rasmiylari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

 

Tashrif doirasida AQSh Davlat kotibi 200 dan ortiq biznes yetakchilaridan iborat Amerika tijorat delegatsiyasiga ham rahbarlik qiladi. Safardan ko‘zlangan maqsadlardan biri AQSh va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda yangi tijorat hamkorliklarini yo‘lga qo‘yishdir.

 

O‘zbekistondagi uchrashuvlardan so‘ng Marko Rubio Hindistonga yo‘l oladi. U yerda hukumat vakillari bilan AQSh-Hindiston strategik hamkorligi, mintaqaviy va global vaziyat hamda energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qiladi. Shuningdek, biznes vakillari bilan investitsiya va iqtisodiy hamkorlik masalalari yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazadi.