Naked Science nashri The War Zone’ga tayanib yozishicha, Steelfin raketalari yagona arxitektura va umumiy ishlab chiqarish jarayoni asosida yaratilmoqda. Bu har bir vazifa uchun butunlay yangi raketa ishlab chiqish oʻrniga, mavjud konstruksiyani moslashtirish imkonini berishi kutilmoqda.
Taqdimot AQSH qurolli kuchlari arzon dronlardan tortib qanotli, ballistik va gipertovushli raketalargacha boʻlgan havo tahdidlariga qarshi mudofaa vositalari zaxirasini koʻpaytirishga intilayotgan bir paytda oʻtkazildi.
Steelfin oilasi yagona ikki bosqichli sxemaga asoslangan. Birinchi bosqich raketani tezlashtiruvchi blokdan, ikkinchisi esa nishonni bevosita yoʻq qilishga moʻljallangan tutuvchi qismdan iborat.
Turli variantlarda korpusning asosiy konstruksiyalari, bort elektronikasi, dasturiy taʼminot, parvozni boshqarish tizimi va ulanish interfeyslaridan umumiy foydalanish rejalashtirilgan. Tezlashtiruvchi bloklar va ikkinchi bosqich qismlarini almashtirish orqali raketa muayyan vazifaga moslashtiriladi.
Anduril maʼlumotiga koʻra, oila tarkibida nishonni bevosita urilish orqali yoʻq qiladigan tutuvchilar ham, parchalanuvchi-fugas jangovar qismga ega variantlar ham boʻladi.
Kompaniya Steelfin orqali alohida obyektlarni himoya qilishdan tortib, pastki eshelondagi havo va raketa mudofaasi hamda yuqori eshelonda ballistik raketalarni tutib qolishgacha boʻlgan vazifalarni qamrab olishni koʻzlamoqda. Moʻljallangan nishonlar qatorida qanotli va gipertovushli raketalar ham keltirilgan.
Biroq qaysi modifikatsiya aynan qaysi tahdidga qarshi ishlatilishi hozircha aniqlashtirilmagan. Tutib qolish masofasi, qoʻllash balandligi va eʼlon qilingan imkoniyatlarni baholashga yordam beradigan boshqa koʻrsatkichlar ham berilmagan.
Anduril Steelfin ustida bir necha yildan beri, bir nechta buyurtmachining moliyaviy ishtiroki bilan ishlayotganini bildirgan. Kompaniya dasturga xos maketlar va taqlidiy apparatlar yordamida ballistik sinovlar oʻtkazgan.
Steelfin’ning turli variantlari boʻyicha parvoz sinovlari 2027-yilga rejalashtirilgan.



