Guliston shahrida kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qayta ishlash va sotish bilan shug‘ullangan shaxslar tashkil etgan narkolaboratoriya fosh qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, 2003 va 2005-yillarda tug‘ilgan uch nafar mahalliy fuqaro ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qayta ishlash va sotish bilan shug‘ullangan.
Xolislar ishtirokida o‘tkazilgan tadbir davomida xonadondan 5 kg 863 gramm “Pregabalin” moddasi, 100 ming dona bo‘sh kapsula, ikkita elektron tarozi, tibbiy qo‘lqoplar va boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 276¹-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ushlangan shaxslarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.



