Sanoat Energetika Guruhi (Saneg) kompaniyasiga avval berilgan neft konlaridan foydalanish huquqi bo‘yicha litsenziyalar belgilangan shartlar bajarilmagani sababli bekor qilingan. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) direktori Sohibjon Murodov 8-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Bayonot neft konlari ochiq auksion yoki tenderlar o‘tkazilmasdan Saneg xususiy kompaniyasiga qanday asosda berilgani haqidagi savolga javoban yangradi.
Murodov konlarning o‘zi xususiy mulkka o‘tkazilmaganini tushuntirdi.
“Kon baribir tabiiy resurs hisoblanadi, u xususiylashtirilmaydi yoki hech qanday xususiy shaxsga berilmaydi. Lekin bizda yer qa’ridan foydalanish huquqi beriladi, ya’ni litsenziya beriladi. Shu yer qa’ridan foydalanish huquqi bo‘yicha litsenziya shu kompaniyaga berilgan. Shunga o‘xshash amaliyot boshqa kompaniyalarda ham bor”, — dedi u.
DABA rahbari yer qa’ridan foydalanish huquqiga ruxsat berish tartibini belgilaydigan 2022-yil 25-martdagi 133-son Vazirlar Mahkamasi qarorini asos qilib keltirdi."Gazeta"da reklama
Uning so‘zlariga ko‘ra, avval kondan foydalanish litsenziyasi qonunchilikda belgilangan to‘lovni amalga oshirgan birinchi murojaatchiga berilishi mumkin bo‘lgan. To‘lov miqdori yer qa’rining xususiyatlarini hisobga olgan holda belgilangan.
Keyinchalik ruxsat berish mexanizmi o‘zgargan.
“Keyinchalik yangi amaliyot kiritildi. Uglevodorodlar bo‘yicha ham litsenziya berish huquqi auksionga o‘tkazildi. Bu 2023−2024-yildan bosqichma-bosqich o‘tkazilgan narsa”, — dedi Murodov.
Saneg kompaniyasi avvalroq litsenziya olgan konlarning hozirgi holati haqidagi savolga javob berar ekan, u shunday dedi:
“Menga ma’lum bo‘lishicha, konlar oborotga kiritilmaganligi va litsenziya shartlari bajarilmaganligi uchun bugungi kunda bu bekor qilingan. Bugungi kunda Geologiya vazirligi tomonidan bundan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda”.
Shu bilan birga, DABA direktori aynan nechta litsenziya bekor qilingani, gap qaysi konlar haqida ketayotgani, tegishli qarorlar qachon qabul qilingani va Saneg foydalanishida nechta yer qa’ri uchastkasi qolganiga aniqlik kiritmadi.
Saneg kompaniyasining rasmiy saytida kompaniya foydali qazilmalarni geologik o‘rganish va qazib olish uchun litsenziyalar rasmiylashtirilgan 103 ta neft-gaz konidan foydalanish huquqiga ega ekani ko‘rsatilgan.
Kontekst
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda 100 dan ortiq konlar hukumatning yopiq qarori bilan “O‘zbekneftgaz"dan Jizzakh Petroleum (hozirgi Saneg) boshqaruviga o‘tkazilgan edi. Konlarning berilishi 2020−2030-yillarga mo‘ljallangan neft qazib olishni oshirish loyihasi bilan bog‘liq bo‘lib, u 2,68 mlrd dollar investitsiya kiritish, 800 ta yangi quduq burg‘ulash va yana 500 tasini kapital ta’mirlashni nazarda tutgan.
Gazeta avvalroq yozganidek, 2019-yilda prezident tashabbusi bilan tuzilgan ishchi guruh berilgan konlarning aksariyati qazib olish qiyin bo‘lgan zaxiralarga tegishli bo‘lib, bu kutilgan natijalarga erishmaslik va investitsiyalar qaytarilishi xavfini oshirishi haqida ogohlantirgan. Saneg 2022-yil yakunlariga ko‘ra 545,4 ming tonna neft qazib olinganini ma’lum qilgan, holbuki dastur loyihasida 614,7 ming tonna ko‘rsatilgan edi.
2026-yil aprelida “O‘zbekneftgaz” bosh geologi Nodir Muhiddinov “O‘zbekneftgaz"dan Saneg kompaniyasiga berilgan neft-gaz konlarida qazib olish hajmlari dastlab oshgan, ammo keyinchalik pasayishni boshlaganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, keyingi qarorlar tekshiruv natijalariga ko‘ra qabul qilinadi. “Maxsus komissiya tashkil qilingan, ular bo‘yicha keyingi choralar shu komissiyaning ishi natijalari bo‘yicha, uning xulosalari bo‘yicha ko‘riladi”, — degandi u.
Konlarning berilishi “O‘zbekneftgaz” sobiq boshqaruv raisi Baxodirjon Sidiqov va boshqa shaxslarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining epizodlaridan biriga ham aylangan. Ayblov tomoniga ko‘ra, dastlab 106 ta kon yakuniy shartnomalar rasmiylashtirilmasdan vaqtincha foydalanishga berilgan, keyinchalik esa ularni 10 yil davomida bo‘lib to‘lash sharti bilan sotish nazarda tutilgan. Tergov aktivlar qiymati taxminan 90 mlrd so‘mga kamaytirilganini, ayrim konlarga bo‘lgan huquqlar o‘z vaqtida qayta rasmiylashtirilmagani sababli “O‘zbekneftgaz” 2023−2025-yillarda Saneg uchun taxminan 10,4 mlrd so‘m yer solig‘i to‘lagan deb hisoblamoqda.
Sidiqov ayblovlarni rad etgan. U konlarning berilishi uni lavozimga tayinlashdan oldin qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi qarorida nazarda tutilganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, qiymatdagi tafovutlar qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasining o‘zgarishi bilan bog‘liq. To‘lovni bo‘lib to‘lash shartlari ham hukumat qarori bilan belgilangan bo‘lib, “O‘zbekneftgaz"ning xalqaro kreditorlar oldidagi majburiyatlari hisobga olingan.
Yanvar oyida O‘zbekiston hukumati tadbirkor Baxtiyor Fozilovga aloqador Enter Engineering, Eriell Group va Sanoat Energetika Guruhi (Saneg) kompaniyalar guruhining nosohaviy aktivlarini sotish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu xodimlar, budjet va banklar oldidagi qarzdorlikni qoplash uchun amalga oshirilishi bildirildi.



