Samarqand viloyatida 28-sentabrdan boshlab og‘ir va davolab bo‘lmaydigan kasalliklarga chalingan bolalar uchun mobil palliativ yordam xizmati o‘z faoliyatini boshladi, deb xabar berdi Ijtimoiy himoya milliy agentligi.
Brigada tarkibiga tibbiyot mutaxassislari, ijtimoiy xodimlar va psixologlar kiradi. Ularning asosiy vazifasi — bolalarga uyda yordam ko‘rsatish, og‘riq va kasallik simptomlarini yengillatish, bolalar hamda ularga qarayotgan yaqinlari uchun individual yordam rejalarini ishlab chiqish, shuningdek, ota-onalarga parvarishlash ko‘nikmalarini o‘rgatishdan iborat.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, hududda maxsus yordamga muhtoj bo‘lgan 300 dan ortiq bola aniqlangan."Gazeta"da reklama
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi har bir bola uchun individual keys ochadi va zarur ijtimoiy xizmatlar hamda reabilitatsiyaning texnik vositalarini, jumladan, moslashtirilgan nogironlar aravachalari, vertikalizatorlar, funksional koykalar va yotoq yaralarining oldini olishga mo‘ljallangan matraslarni olishga yordam beradi.
Agentlik videosida xodimlardan biri mobil brigada har kuni 8 tadan 12 tagacha xonadonga tashrif buyurishini aytib o‘tgan.
“Ko‘p hollarda odamlar umidini yo‘qotishadi, bola endi to‘shakka mixlanib qolgan va hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi, deb o‘ylab, yordamdan bosh tortishga harakat qilishadi”, — deydi u.
Og‘ir kasallikka chalingan bolalarning yaqinlari ko‘p vaqt va kuch talab etadigan parvarishlashdagi qiyinchiliklar haqida so‘zlab bergan. Ulardan biri bolani davolatish uchun avtomobilini sotishga majbur bo‘lganini ta’kidlagan.
“Qulog‘i eshitmaydi, ko‘zchasi ko‘rmaydi, o‘tirmaydi, gapirmaydi — xullas, hamma tomonlama muammosi bor. Lekin u ham boshqa bolalar kabi bola. U ham dunyoni ko‘rishi kerak”, — deydi onalardan biri.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva palliativ yordam bemorning bir oy yoki bir yil yashashiga bog‘liq emasligini ta’kidladi. “Biz ularni har kuni kuzatib boramiz va yordam ko‘rsatamiz”, — dedi u.
“Bolaning tashxisini o‘zgartirishga ojizmiz, ammo uning har bir kunini o‘zgartirish o‘z qo‘limizda. Maqsadimiz — oilalarga bolaning ehtiyojlaridan kelib chiqib, yordamni uyda yoki hospisda olish imkoniyatini yaratish. Men uchun ushbu loyiha nafaqat tibbiy yordam ko‘rsatish, balki tuzalmas xastalikka chalingan bolalarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirish bilan ham bog‘liq”, — dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva.
“Xastalik bolaning imkoniyatlarini cheklashi mumkin, ammo uning to‘laqonli hayot kechirishi uchun qilayotgan sa’y-harakatlarimizni cheklamasligi kerak. Bolalar xospisining tashkil etilishi bilan birga bunday bolalarga bo‘lgan munosabatimiz ham o‘zgarishini juda xohlayman”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Ijtimoiy himoya milliy agentligining ma’lum qilishicha, parallel ravishda Samarqand viloyatida bolalar hospisi qurilishi ham davom etmoqda. Rejada mobil xizmat va xospisni bolalarga palliativ yordam ko‘rsatish hamda ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlash yagona tizimining bir qismiga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Toshkentda Palliativ va hospis yordami assotsiatsiyasi ochilgan edi. Uning boshqaruv raisi Yahyo Ziyoyev mobil brigadalarni ishga tushirish hamda hospislar faqat statsionar bo‘lishi kerak, degan konsepsiyadan voz kechish rejalari haqida gapirib bergandi. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda butun jarayonni E-Palliative elektron platformasi orqali nazorat qilish rejalashtirilgan.
11-iyun kuni prezidentga 1-sentabrdan boshlab O‘zbekistonda tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni integratsiya qilish asosida palliativ va hospis yordamini ko‘rsatish bo‘yicha yagona tizimni yaratish rejalari taqdimot qilingandi. Rejada hospis muassasalarini bosqichma-bosqich barcha hududlarda tashkil etish, Toshkentdagi hududlararo xospisni esa metodologik boshqaruv bo‘yicha mas’ul muassasa etib belgilash ko‘zda tutilgan edi.
Toshkent viloyatining Qibray tumanida kattalar uchun 50 o‘rinli hospis tashkil etish rejalashtirilgandi. Uni 2019-yilda ochish mo‘ljallangan, ammo mablag‘ yetishmovchiligi sababli loyiha har yili ortga surilib kelayotgandi. Muassasa birinchi chorak oxirida ish boshlashi kutilgan, keyinroq bu muddat iyul oyiga ko‘chirilgan.



