O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat jamoa Buyuk Britaniyaning Uels shahrida o‘tkazilgan “Kembriya patruli” (Cambrian Patrol) xalqaro harbiy musobaqasida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Musobaqada Buyuk Britaniya, AQSh, Fransiya, Germaniya, Italiya, Pokiston va Qozog‘iston kabi 35 ga yaqin mamlakatdan 140 dan ortiq patrul guruhi ishtirok etdi.
Ishtirokchilar 48 soat davomida tog‘li, botqoqli va borish qiyin bo‘lgan hududlarda murakkab sinovlardan o‘tdi. Ular taxminan 70 kilometr masofani bosib o‘tib, razvedka vazifalarini bajarish, shartli jang ssenariylarini ishlab chiqish, to‘siqlarni bartaraf etish va yaradorlarga birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘nikmalarini namoyish etdi. Shuningdek, kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy tahdidlar sharoitida harakat qilish qobiliyati ham sinovdan o‘tkazildi."Gazeta"da reklama
“Kembriya patruli” musobaqasi 1959-yildan buyon o‘tkazib kelinadi. Hozirda uni Buyuk Britaniya Qurolli Kuchlarining 160-Uels brigadasi tashkil etadi. Musobaqa harbiy bo‘linmalarning amaliy tayyorgarligini sinash, tajriba almashish va xalqaro harbiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston harbiylari musobaqada birinchi marta 2017-yilda ishtirok etib, ikkinchi o‘rinni egallagan. 2018 va 2019 yillarda jamoa oltin medalni qo‘lga kiritgan. 2020−2025-yillar davomida ham jamoa kumush medallar olgan.
Avvalroq O‘zbekiston harbiylari Janubiy Koreyadagi xalqaro musobaqada ketma-ket to‘rtinchi bor g‘olib bo‘lgan edi.



