Asosiy ma’lumotlar
- Kosonsoyda Telegram orqali soxta «Mikrokredit» sahifasi yaratib, 250 mln so‘mdan ortiq pul olgan erkak hibsga olindi
- Gumonlanuvchi ilgari firibgarlik uchun sudlangan va pulni shaxsiy ehtiyojlariga sarflaganini aytdi
- JK 168-moddasi uchinchi qismi «b» va «v» bandlari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi, tergov davom etmoqda
Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida Telegram orqali past foizli kredit rasmiylashtirishni va’da qilib, fuqarolardan 250 mln so‘mdan ortiq pul olgan erkak hibsga olindi.
Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Idora ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi messengerda soxta «Mikrokredit» sahifasini yaratib, foydalanuvchilarga kredit rasmiylashtirishni taklif qilgan. Buning uchun u pulni oldindan bank kartalariga o‘tkazishni so‘ragan. O‘tkazmalar qabul qilingandan so‘ng kredit berilmagan va erkak aloqaga chiqmay qo‘ygan.
Gumonlanuvchi ilgari firibgarlik uchun sudlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, olgan pulini shaxsiy ehtiyojlariga sarflagan va qayta jinoyatni og‘ir oilaviy sharoitlar tufayli sodir etgan.
Erzakka nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi uchinchi qismi «b» va «v» bandlari bo‘yicha (firibgarlik) jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.



