Ijtimoiy tarmoqlarda Chevrolet Damas, Cobalt, Tracker va Onix avtomobillari boshlang‘ich to‘lovsiz, bo‘lib to‘lash bilan sotuvga chiqarilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. UzAuto Motors matbuot xizmati ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
“Hozir mashina olishga shoshilmay turinglar… 0 foizli „rassrochka“ ochiladigan bo‘ldi. Boshidan ham umuman to‘lov qilmaysizlar. Qolganini ham oyma-oy o‘zini pulini bo‘lib to‘lab berasizlar. Bosh to‘lovsiz ochiladi, Xudo xohlasa, yaqinda. Shunaqa gaplar chiqdi”, — deyiladi tarqalgan videolarning birida.
UzAuto Motors matbuot xizmatining Gazeta`ga qo‘shimcha qilishicha, hozirda birorta model bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan sotuvga chiqarish rejasi mavjud emas.
Kompaniya jamoatchilik vakillari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan tasdiqlanmagan va aholini chalg‘ituvchi yolg‘on axborotlarni tarqatmaslikni so‘ragan."Gazeta"da reklama
Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors 7-oktabrdan Chevrolet Cobalt va Damas avtomobillarini banklar ishtirokisiz bo‘lib to‘lashga sotishni boshlagan. Cobalt uchun boshlang‘ich to‘lov 50%, Damas uchun 30%. Kompaniya bu sotuvda mashinalar soni cheklanganini bildirgan. Batafsil ma’lumotlarni (78) 141 77 77 telefon raqami yoki Chevrolet rasmiy dilerlik markazlari orqali olish mumkin.
Manba: UzAuto MotorsManba: UzAuto Motors


