Yandex Uzbekistan kompaniyasi mamlakatda vaqtincha uzilib qolgan Yandex Go va boshqa xizmatlar bosqichma-bosqich tiklanayotganini ma’lum qildi. Hozir ko‘plab xizmatlar odatiy rejimda ishlamoqda, biroq ayrim funksiyalarda xatoliklar kuzatilishi mumkin.

 

Yandex Uzbekistan ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda foydalanuvchilar, haydovchilar, kuryerlar va hamkorlar uchun to‘lovlar hamda qo‘llab-quvvatlash xizmatlari barqarorligini ta’minlash ustuvor vazifa hisoblanadi.

 

Kompaniya taksi xizmatidagi hamkorlarga barcha to‘lovlar avtomatik tarzda amalga oshirilganini, haydovchilar uchun tezkor to‘lovlar ham mavjudligini bildirgan. Shunga qaramay, ayrim to‘lovlar xatolik yoki kechikish bilan bajarilishi mumkin.

 

Ba’zi foydalanuvchilar buyurtmalar uchun pul to‘lashda muammolarga duch kelmoqda. Noto‘g‘ri yechib olingan mablag‘lar bilan bog‘liq barcha holatlar tekshiriladi. Biroq qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaatlar ko‘paygani sababli muammolarni hal qilish ko‘proq vaqt olishi mumkin.

 

Avvalroq, 11-oktyabr kuni ertalab O‘zbekiston va qo‘shni mamlakatlarda Yandex Go faoliyatida uzilishlar kuzatilgan edi. Foydalanuvchilar taksi va oziq-ovqat buyurtma qilish, shuningdek, jamoat transporti harakatini kuzatishda qiyinchiliklarga duch kelgan. Shu bilan birga, Yandex Maps va Yandex Navigator odatiy rejimda ishlashda davom etgan.

 

Yandex Uzbekistan foydalanuvchilar ma’lumotlari qonunchilik talablariga muvofiq, ularning himoyasini ta’minlaydigan yurisdiksiyada saqlanishini ham ta’kidlagan.