AQSH Davlat departamentining 13-oktabrdagi bayonotiga koʻra, Rubio 17–22-oktabr kunlari Oʻzbekistonning Samarqand hamda Hindistonning Mumbay va Jamnagar shaharlariga safar qiladi.

Oʻzbekistonda davlat kotibi C5+1 diplomatik platformasi orqali AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi strategik hamkorlikni rivojlantirish masalalariga eʼtibor qaratadi.

Shuningdek, Rubioning Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirgʻizistonning yuqori martabali rasmiylari bilan ikki tomonlama uchrashuvlari rejalashtirilgan.

Davlat departamenti 200 dan ortiq biznes rahbarining tashrifini AQSH va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi tijorat hamkorligini mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadam sifatida baholagan.

Samarqanddan soʻng Rubio Hindistonga yoʻl oladi. Bu uning mazkur mamlakatga joriy yildagi ikkinchi rasmiy tashrifi boʻladi.

Hindistonda davlat kotibi yuqori martabali hukumat vakillari bilan strategik sheriklik, mintaqaviy va global vaziyat hamda energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qiladi.

Biznes rahbarlari bilan uchrashuvlarda esa investitsiya va iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlari koʻrib chiqiladi.