Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiyani qayta boshlash ehtimolini muhokama qilgan. Bu haqda Isroilning N12 telekanali xabar berdi.

 

Manbalarga ko‘ra, so‘nggi ikki hafta davomida ikki mamlakat rasmiylari o‘rtasida bir necha bor muzokaralar o‘tkazilgan. Netanyaxu qo‘shma zarbalar zarurligini Eronning yadroviy dasturini qayta tiklashga urinayotgani haqidagi xavotirlar bilan izohlagan.

 

Axios xabarida aytilishicha, o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan telefon suhbati chog‘ida ham Isroil bosh vaziri Eron yadroviy dasturiga oid razvedka ma’lumotlaridan xavotir bildirgan. Muhokamalarda harbiy va yadroviy obyektlarga AQSh va Isroil tomonidan birgalikda zarba berish ehtimoli ko‘rib chiqilgan.

 

Biroq Tramp bu borada hozircha qat’iy qaror qabul qilmagan. Manbalarning bildirishicha, uning pozitsiyasi o‘zgarib turibdi. Pentagon rahbari Pit Xegset va AQSh Markaziy qo‘mondonligi vakillari harbiy amaliyotlarni qayta boshlash tarafdorlari sifatida tilga olingan. Tramp maslahatchilarining aksariyati esa iqtisodiy sanksiyalar va boshqa bosim choralarini davom ettirishni ma’qul ko‘rmoqda.

 

Xabarlarga ko‘ra, 2-oktyabr kuni Kemp-Devidda Tramp ma’muriyatining yuqori lavozimli vakillari mojaroning keyingi bosqichlari va Eronga qayta zarba berish ehtimolini muhokama qilish uchun uzoq davom etgan uchrashuv o‘tkazgan.

 

Isroil harbiy rahbariyati ham mojaroning qayta boshlanishi oqibatlaridan xavotirda. N12 ma’lumotiga ko‘ra, Isroil armiyasi bosh shtabi rahbari Eyal Zamir amerikalik hamkasblari bilan suhbatda yangi harbiy harakatlar va Eronning javob zarbalari Isroildagi saylovlarni kechiktirishga olib kelishi mumkinligini bildirgan.

 

Isroilda parlament saylovlari 27-oktyabrga, AQShda esa Kongressning oraliq saylovlari 3-noyabrga belgilangan. Shu sababli Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiyaning qayta boshlanishi siyosiy jihatdan ham sezgir masala bo‘lib qolmoqda.

 

Manbalarning ta’kidlashicha, AQSh va Isroil harbiylari yuqori shaylik holatida qolmoqda va Tramp qarorini o‘zgartirgan taqdirda harakatlarni qayta boshlashga tayyorgarlik ko‘rmoqda.