O‘zbekistonda aholi uchun suyultirilgan gazning chakana sotish narxini oshirish taklif etilmoqda. Bu Iqtisodiyot va moliya vazirligi jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan hukumat qarori loyihasida nazarda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, aholiga maishiy ehtiyojlar uchun yetkazib beriladigan suyultirilgan gazning chakana narxi har bir kilogramm uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan 2000 so‘mdan 5000 so‘mgacha oshirilishi mumkin.
Shuningdek, LPG-Trade MCHJ va loyihada ishtirok etayotgan tadbirkorlar tomonidan aholiga suyultirilgan gazni yetkazib berish xizmati uchun har bir kilogramm uchun QQS bilan 1300 so‘mlik cheklangan narx belgilash taklif etilmoqda.
Hujjatda yangi narxni 2026-yil 1-oktabrdan joriy etish taklif qilingan. Biroq hukumat tayyorlagan tushuntirish materiallarida 1-noyabr sanasi ko‘rsatilgan. Bu sana prezidentning sentabr oyidagi qarorida nazarda tutilgan gaz yetkazib berishning yangi tartibi boshlanishiga ham mos keladi.
Ehtiyojmand oilalarga xarajatlarning bir qismi qoplab beriladi
Loyihada ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga xarid qilingan suyultirilgan gazning har bir kilogrammiga 3000 so‘mdan kompensatsiya berish taklif etilmoqda. Bunda kompensatsiya oyiga ko‘pi bilan 20 kilogramm gaz uchun to‘lanadi.
Shu tariqa, oylik kompensatsiyaning eng yuqori miqdori 60 ming so‘mni tashkil etadi. Masalan, oila 20 kilogramm gazni 100 ming so‘mga sotib olsa, kompensatsiya hisobidan uning xarajati 40 ming so‘mga tushadi. Bu amaldagi tartibda oila 20 kilogramm gaz uchun to‘laydigan summaga teng."Gazeta"da reklama
Kompensatsiya quyidagi oilalarga berilishi taklif etilmoqda:
- Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar;
- Reyestrga kiritilmagan, ammo moddiy ahvoli bo‘yicha reyestrdagi oilalar mezonlariga to‘g‘ri keluvchi va oiladagi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 2 baravaridan oshmaydigan oilalar;
- Yetim bolalar yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashaydigan oilalar.
Ikkinchi toifadagi oilalar uchun har bir a’zoga to‘g‘ri keladigan daromadning eng yuqori chegarasi oyiga 1,43 million so‘mni tashkil etadi.
Kompensatsiyalarni 2030-yil 1-yanvargacha to‘lash taklif etilgan.
Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, yordam Ijtimoiy reyestrga kiritilgan taxminan 220 ming abonentni qamrab olishi rejalashtirilgan. Bu maqsadlar uchun 158 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilmoqda.
Kompensatsiyani qanday olish mumkin?
Loyihada kompensatsiya olish uchun arizani davlat xizmatlari markazlari, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, mahallalardagi ijtimoiy xodimlar, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali topshirish imkoniyati nazarda tutilgan. Davlat xizmati bepul bo‘ladi.
Ariza topshirilgandan keyin ijtimoiy himoya axborot tizimi oilaning yordam oluvchilar toifasiga mansubligini avtomatik ravishda tekshiradi.
Suyultirilgan gaz xaridi, uning hajmi va qiymati haqidagi ma’lumotlar “Hududgazta’minot” kompaniyasining E-gaz Billing tizimidan olinadi.
Kompensatsiya olish huquqi va gaz xaridi tasdiqlanganidan keyin to‘lov tayinlanadi. Loyihada to‘lovni ariza berilgan oydan boshlab hisoblash va keyingi oydagi to‘lovlar ro‘yxatiga kiritish nazarda tutilgan. Mablag‘lar oilaning ijtimoiy kartasiga o‘tkaziladi.
Gaz xaridi va yordam olish huquqi haqidagi ma’lumotlar har oy tekshirib boriladi. Agar kompensatsiya olish shartlari saqlansa, to‘lov qayta ariza berish talab etilmasdan avtomatik davom etadi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilmagan oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati dastlab ariza berilganidan uch oy o‘tgach, keyin esa har olti oyda tekshiriladi.
Nega gaz narxini oshirish taklif etilmoqda?
Hukumat tayyorlagan tushuntirish materiallarida aytilishicha, amaldagi bir kilogramm uchun 2000 so‘mlik narx aholini belgilangan muddatlarda zarur hajmda suyultirilgan gaz bilan ta’minlash imkonini bermayapti.
Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda maishiy suyultirilgan gazdan foydalanuvchi taxminan 4 million iste’molchi bor.
Ularning har biriga oyiga 20 kilogrammdan gaz yetkazib berish uchun bir yilda taxminan 912 ming tonna gaz talab etiladi.
Ayni paytda gaz ballonlarini yetkazib berish oralig‘i o‘rtacha 30−35 kunni tashkil etadi. Ayrim hududlarda bu muddat ancha uzoq.
Tushuntirish materiallarida keltirilishicha, natijada ayrim oilalar qo‘shimcha gazni bozor narxlarida — bir kilogramm uchun o‘rtacha 11 mingdan 13,5 ming so‘mgacha bo‘lgan narxlarda sotib olishga majbur bo‘lmoqda.
Misol tariqasida Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida yashovchi fuqaro keltirilgan. Unga gaz o‘rtacha 53 kunda bir marta yetkazilgan. U yanvar — iyul oylarida 80 kilogramm gazni tartibga solinadigan narxda olgan, yana 60 kilogrammni esa har bir kilogramm uchun 11 ming so‘mdan sotib olishga majbur bo‘lgan.
Uning shu davrdagi umumiy xarajatlari 820 ming so‘mni, bir kilogramm uchun o‘rtacha xarajat esa 5857 so‘mni tashkil etgan.
Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida yashovchi ayolga esa gaz ballonlari o‘rtacha 71 kunda bir marta yetkazilgan. U qo‘shimcha ravishda 24 kilogramm gazni har bir kilogramm uchun 13,5 ming so‘mdan sotib olgan.
Ishlab chiqarish kamaymoqda, import esa o‘smoqda
Hukumat taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda suyultirilgan gaz resurslarining umumiy hajmi 2023-yildan 2026-yilgacha 68 foizga — 906 ming tonnadan 1,52 million tonnagacha oshishi kutilmoqda.
Biroq ta’minot tarkibi sezilarli ravishda o‘zgarmoqda. Keltirilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, shu davrda ichki ishlab chiqarish 883 ming tonnadan 803 ming tonnagacha, ya’ni 9 foizga kamayadi. Import esa 19 ming tonnadan 713 ming tonnagacha — qariyb 38 baravarga o‘sadi. 2026-yilning yanvar — sentabr oylarida mamlakatga 539 ming tonna suyultirilgan gaz import qilingan.
Hukumat ichki ishlab chiqarishda nisbatan arzon suyultirilgan gaz hajmining kamayishi import yoqilg‘isi ulushi ortishi bilan birga kechayotganini ta’kidlamoqda.
Bundan tashqari, avtomobilchilar tomonidan propanga talab ham oshmoqda. 2026-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, ushbu yonilg‘idan foydalanadigan avtomobillar soni 716 mingtaga yetgan. Bu 2024-yil 1-noyabrdagi ko‘rsatkichdan 35 foizga ko‘p.
Tushuntirish materiallaridagi baholarga ko‘ra, 2023−2025-yillarda davlat aholining maishiy ehtiyojlari uchun suyultirilgan gazni subsidiyalashga yiliga o‘rtacha 5,4 trillion so‘m sarflagan.
Shu bilan birga, 2026-yilda aholiga gaz yetkazib berish hajmi 2023-yildagi ko‘rsatkichdan 4 foizga kam bo‘lishi kutilmoqda.
Hukumat taklif etilayotgan, har bir kilogramm uchun 5000 so‘mlik narx ham bozor narxi emasligini ta’kidlamoqda. Chunki xarajatlarning bir qismi davlat budjeti hisobidan qoplanishi davom etadi.
Shu bilan birga, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga suyultirilgan gaz narxlarining sun’iy oshirilishining oldini olish maqsadida birja savdolarini muntazam kuzatib borish taklif etilmoqda.



