O‘zbekistonda 2028-yildan boshlab markazlashgan isitish tariflarini inflyatsiyani hisobga olgan holda har yili indeksatsiya qilish taklif etilmoqda. Bunda tariflarning yillik oshishi 10 foizdan ko‘p bo‘lmasligi kerak. Shu bilan birga, issiqlik energiyasi iste’moli me’yorlari pasaytirilsa, aholi uchun tariflarni ham kamaytirish nazarda tutilgan.

 

Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan muhokamaga qo‘yilgan hukumat qaror lohiyasida so‘z boradi.

 

Loyihaga ko‘ra, isitish tariflari har yili 1-maydan boshlab yillik inflyatsiya darajasini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqiladi. Indeksatsiya bo‘yicha takliflar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan kiritiladi.

 

Prezidentning 2025-yil 11-martdagi farmonida ham 2030-yilgacha aholi uchun isitish tariflarining imtiyozli miqdorini xizmatlarning haqiqiy narxiga bosqichma-bosqich yaqinlashtirish belgilangan.

 

Bundan tashqari, yangi loyiha 2026-yil 1-noyabrdan isitish va issiq suv tariflarini alohida qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutadi. Jumladan, Toshkentda ushbu xizmatlar narxini taxminan 30 foizga oshirish taklif qilingan.

 

Qaysi hollarda tariflar pasaytirilishi mumkin?

 

Loyihada issiqlik yuklamasi va issiqlik energiyasi iste’moli me’yorlarini qayta ko‘rib chiqish ham belgilangan. “Issiqlikta’minoti” AJ, uning tarkibidagi korxonalar hamda davlat-xususiy sheriklik asosida xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar amaldagi me’yorlarni shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqlashtirishi kerak.

 

Yangilangan ko‘rsatkichlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.

 

Agar qayta ko‘rib chiqish natijasida issiqlik energiyasi iste’moli me’yorlari pasaysa, tegishli hududdagi barcha maishiy iste’molchilar uchun isitish tariflarini ham bir vaqtning o‘zida pasaytirish taklif etilmoqda. Me’yorlar oshgan taqdirda esa amaldagi tariflar yangi qaror qabul qilinib, tasdiqlanguniga qadar o‘zgarishsiz qoladi.

 

Issiqlik energiyasi narxini 15 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgan

 

Qaror loyihasida issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish xarajatlarini kamaytirish choralari ham ko‘zda tutilgan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tegishli idoralar bilan birgalikda bir oy ichida issiqlik energiyasi narxini 15 foizgacha pasaytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqishi kerak.

 

Shuningdek, 2027-yil oxirigacha mamlakatdagi isitish tizimlarining to‘liq texnik auditini o‘tkazish, uning natijalari asosida tarmoqlarni modernizatsiya qilish va rekonstruksiya qilish dasturini tayyorlash rejalashtirilgan.

 

Loyihada “Issiqlikta’minoti” AJ boshqaruv tizimini takomillashtirish ham nazarda tutilgan. Xususan, kompaniya kuzatuv kengashidagi mustaqil a’zolar ulushini bir oy ichida 75 foizga yetkazish taklif qilinmoqda. 2026-yil oxirigacha moliyaviy va texnik yo‘nalishlarga xorijiy mutaxassislarni jalb etish ham rejalashtirilgan.

 

Bundan tashqari, 2027-yil oxirigacha isitish tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni 25 foizga kamaytirish bo‘yicha samaradorlik ko‘rsatkichlarini joriy etish, 2026-yil yakunigacha korxonalarni zamonaviy billing tizimi bilan qamrab olish belgilangan.

 

Kompaniya 2026-yilgi hisobotlardan boshlab xalqaro standartlarga muvofiq moliyaviy hisobot tayyorlashga o‘tishi, 2027-yil 1-maygacha esa xalqaro maslahatchilar ishtirokida issiqlik ta’minoti sohasini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilishi taklif etilmoqda.