Shavkat Mirziyoyev issiqxonalar faoliyatiga “yashil” texnologiyalarni joriy etish va ularning ekologik xavfsiz ishlashini ta’minlashga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi.

 

Taqdimotda shaxsiy tomorqalardagi issiqxonalarni modernizatsiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator imtiyozlar taklif qilindi.

 

Jumladan, 2030-yilgacha tomorqa issiqxonalari uchun yer va mol-mulk soliqlarini 50 foizga kamaytirish, ularni aylanmadan olinadigan soliqdan ozod qilish hamda energiya tejamkor tizimlar iste’mol qilgan elektr energiyasi xarajatlarining yarmini qoplash nazarda tutilmoqda.

 

Bundan tashqari, Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi xonadonlarda “yashil” energiya manbalari va samarali uskunalarni joriy etish uchun 100 million so‘mgacha grant ajratish masalasi ko‘rib chiqildi.

 

Yangi ekologik toza issiqxonalar qurish uchun 300 million so‘mgacha, mavjud issiqxonalarni qayta jihozlash uchun esa 150 million so‘mgacha imtiyozli kredit berish taklif etilmoqda.

 

Shuningdek, issiqxonachilikka ixtisoslashgan 50 ta mahallada ehtiyojmand oilalar uchun ekologik xavfsiz issiqxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.