O‘zbekistonlik shifokor Toshkentdan Seulga uchayotgan samolyotda ahvoli keskin yomonlashgan ayolning hayotini saqlab qoldi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi voqea haqida xabar berdi.

Hodisa 11-oktabr kuni Toshkent — Seul yo‘nalishidagi HY511 reysida yuz bergan. Samolyotda bo‘lgan shifokor Hasan Kamilov ekipaj bilan birgalikda ayolga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatgan.

SSV ma’lumotiga ko‘ra, Hasan Kamilov Samarqand shahridagi xususiy klinika rahbari, otorinolaringolog, Toshkent davlat tibbiyot universiteti izlanuvchisi hisoblanadi. U ayni paytda Janubiy Koreyaning Chungbuk universitetida malaka oshirmoqda."Gazeta"da reklama

Shifokorning aytishicha, parvoz vaqtida ekipaj a’zolari yo‘lovchilar orasidan tibbiy yordam ko‘rsata oladigan mutaxassis bor-yo‘qligini so‘ragan. Kamilov hushsiz yotgan ayolni ko‘rib, darhol uning yoniga borgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayolning qon bosimi va pulsi aniqlanmagan. U shok holatida bo‘lgan, tanasi ko‘karib, sovib ketgan. Shifokor o‘zi bilan olib yuradigan dori-darmonlardan, shuningdek, ekipaj taqdim etgan kislorod niqobi va tibbiy vositalardan foydalanib, ayolga shoshilinch yordam ko‘rsatgan.

“Birgalashib bemorga tez yordam muolajalarini o‘tkazdik. 10 ming metr balandlikda 10−15 daqiqada bemor o‘ziga kela boshladi”, — dedi Hasan Kamilov SSVga bergan intervyusida.

Shifokorning aytishicha, shundan so‘ng u ekipajga samolyotni qo‘ndirmasdan, parvozni davom ettirish mumkinligini bildirgan. U bir soat davomida ayolga yordam ko‘rsatishda davom etgan.

“Bu holat shifokor uchun qahramonlik emas, bu bizning har kuni qilayotgan mashaqqatli mehnatimiz”, — dedi Kamilov.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi shifokorga qiyin vaziyatda yordamga kelgani va kasbiy mahorati uchun minnatdorchilik bildirdi. Kompaniya, shuningdek, tezkor va hamjihatlikda harakat qilgan ekipaj a’zolarini ham e’tirof etdi.

Hasan Kamilovning so‘zlariga ko‘ra, voqeadan keyin Janubiy Koreyadagi klinika rahbarlari uni tabriklay boshlagan. U hozir ham Koreyada o‘qishda davom etmoqda.