O‘zbekistonda 2028-yildan markazlashgan issiqlik ta’minoti tariflarini inflyatsiyani hisobga olgan holda har yili oshirish taklif etilmoqda. Bu Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi muhokamaga qo‘ygan hukumat qarori loyihasida nazarda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, tariflar har yili 1-maydan boshlab yillik inflyatsiya darajasini hisobga olgan holda indeksatsiya qilinadi, biroq o‘sish 10 foizdan oshmaydi.
Indeksatsiya uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining takliflari asos bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2025-yil 11-martdagi qarorida aholi uchun issiqlik ta’minoti tariflarini 2030-yilgacha bosqichma-bosqich xizmat tannarxi darajasiga yetkazish belgilangan."Gazeta"da reklama
Ayni paytda yangi loyihada 2026-yil 1-noyabrdan isitish va issiq suv tariflarini alohida oshirish ham ko‘zda tutilgan. Jumladan, Toshkentda bu xizmatlar narxini qariyb 30 foizga ko‘tarish taklif etilmoqda.
Qaysi hollarda tariflar pasaytirilishi mumkin?
Loyihada issiqlik yuklamasi va issiqlik energiyasi iste’moli me’yorlarini qayta ko‘rib chiqish ham nazarda tutilgan.
“Issiqlikta’minoti” AJ, uning tarkibidagi korxonalar hamda davlat-xususiy sheriklik asosida markazlashgan issiqlik ta’minoti xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar amaldagi me’yorlarni ikki oy ichida shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq qayta ko‘rib chiqishi kerak bo‘ladi.
Yangilangan ko‘rsatkichlar Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tasdig‘iga kiritilishi lozim.
Hujjatda quyidagi tartibni belgilash taklif qilingan:
- Qayta ko‘rib chiqish natijasida issiqlik energiyasi iste’moli me’yorlari kamaysa, tegishli hududdagi barcha maishiy iste’molchilar uchun amaldagi issiqlik ta’minoti tariflari bir vaqtning o‘zida pasaytirilishi kerak.
- Me’yorlar oshirilsa, amaldagi tariflar ular keyingi bor qayta ko‘rib chiqilib, tasdiqlanguniga qadar o‘zgarishsiz qoladi.
Issiqlik energiyasi tannarxini 15 foizgacha kamaytirish rejalashtirilmoqda
Loyihaning alohida qismi issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish xarajatlarini kamaytirishga bag‘ishlangan.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Milliy energiya samaradorligi agentligi, Energetika vazirligi, “Issiqlikta’minoti” AJ va boshqa idoralar bilan birgalikda bir oy ichida issiqlik energiyasi tannarxini 15 foizgacha kamaytirish chora-tadbirlari dasturini ishlab chiqishi kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, 2027-yil oxirigacha mamlakatdagi issiqlik ta’minoti tizimlarini to‘liq texnik auditdan o‘tkazish rejalashtirilgan.
Audit natijalariga ko‘ra, issiqlik tarmoqlari va ta’minotning boshqa obyektlarini modernizatsiya qilish hamda rekonstruksiya qilish dasturi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasi tasdig‘iga kiritiladi.
Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini shakllantirishda texnik auditdan o‘tgan obyektlarni ham kiritish nazarda tutilgan.
Loyihada “Issiqlikta’minoti” AJ korporativ boshqaruvini o‘zgartirish ham ko‘zda tutilgan. Xususan, bir oy ichida kompaniya kuzatuv kengashidagi mustaqil a’zolar ulushini 75 foizga yetkazish taklif qilinmoqda.
2026-yil oxirigacha moliya masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari va texnik masalalar bo‘yicha rais maslahatchisi lavozimlariga malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish rejalashtirilgan.
2027-yil 1-aprelgacha kompaniya ijroiya organi uchun samaradorlikning asosiy ko‘rsatkichlari (KPI) joriy etiladi. Ular 2027-yil yakuniga qadar issiqlik tarmoqlaridagi yo‘qotishlarni 25 foizga kamaytirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, 2026-yil oxirigacha “Issiqlikta’minoti” AJ tarkibidagi issiqlik ta’minoti korxonalari zamonaviy billing tizimiga o‘tkazilishi kerak.
Kompaniya 2027-yil 1-aprelgacha 2026-yil uchun hisobotdan boshlab moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlar asosida tayyorlashga o‘tishi lozim.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Milliy energiya samaradorligi agentligi, Energetika vazirligi hamda “Issiqlikta’minoti” AJ xalqaro maslahatchilar bilan birgalikda 2027-yil 1-maygacha issiqlik ta’minoti sohasini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yildan O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz tariflari inflyatsiyani hisobga olgan holda har yili 1-maydan oshirila boshlandi. Biroq ularning o‘sishi 10 foizdan oshmasligi kerak.



