E-auksion ma’lumotlariga ko‘ra, Xorazm viloyatining Urganch shahridagi UzXCMG qo‘shma korxonasi ustav fondidagi davlatning 49,07 foiz ulushi elektron savdoga qo‘yildi.

Korxona kon sanoati va yerosti ishlari uchun texnika ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

аuкцион, xususiylashtirish, UzXCMG
"Gazeta"da reklama

Davlat ulushining boshlang‘ich narxi 140,53 mlrd so‘mni tashkil etadi. Savdoda qatnashish uchun zakalat miqdori — 4,22 mlrd so‘m, ya’ni boshlang‘ich narxning 3 foizi.

Auksion 19-oktabr kuni soat 10:00 da o‘tkaziladi. Ishtirok etish uchun arizalar shu kuni soat 9:00 gacha qabul qilinadi. Savdolar narxni oshirib borish tartibida o‘tadi. Auksion qadami boshlang‘ich narxning 1 foizi — taxminan 1,41 mlrd so‘m etib belgilangan.

Zavod Urganch shahridagi Sanoatchilar ko‘chasida joylashgan. Yer uchastkasi maydoni 5,99 gektar. Hujjatlarga ko‘ra, bino va inshootlar maydoni 23 ming kvadrat metr, amaldagi maydon esa 24,4 ming kvadrat metrni tashkil etadi.

Sotish shartlari

E’londa aytilishicha, xaridor korxonaning ustav kapitalidagi davlat ulushini uning barcha kreditorlik va debitorlik majburiyatlarini hisobga olgan holda sotib oladi.

Investorlarga to‘lovning bir nechta usuli taklif etilgan.

Savdo shartlariga ko‘ra, dastlab xarid qiymatining 15 foizini 30 kalendar kun ichida to‘lash kerak. Qolgan summani qonunchilikda belgilangan muddatlarda foizsiz bo‘lib to‘lash mumkin.

Qiymati 23 ming bazaviy hisoblash miqdoridan yuqori bo‘lgan davlat aktivlari uchun qo‘shimcha shartlar belgilangan:

  • Xaridor olti oy ichida qiymatning 50 foizini to‘lasa, qolgan summani yetti yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lashi mumkin.
  • Aktiv qiymati olti oy ichida to‘liq to‘lansa, umumiy summadan 25 foiz chegirma beriladi.

Shuningdek, bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilayotgan davlat aktivi qiymatining kamida 35 foizini bir yo‘la to‘lagan xaridor uni kredit olish uchun garovga qo‘yishi mumkin.

Zavodning moliyaviy holati

2025-yilda UzXCMG moliyaviy ko‘rsatkichlarini o‘tgan yilga nisbatan yaxshiladi.

Korxonaning umumiy daromadi 424,1 mlrd so‘mdan 502,4 mlrd so‘mga, sof tushumi esa 416,6 mlrd so‘mdan 481,4 mlrd so‘mga oshdi.

Zavod 2024-yilni 1,47 mlrd so‘m sof zarar bilan yakunlagan bo‘lsa, 2025-yilda 29,95 mlrd so‘m sof foyda oldi. Biroq 2026-yilning birinchi choragida korxona yana 1,39 mlrd so‘m zarar ko‘rdi.

2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, korxonaning kreditorlik qarzi 248,34 mlrd so‘m, debitorlik qarzi esa 154,72 mlrd so‘mni tashkil etgan. Ularning o‘rtasidagi farq 93,63 mlrd so‘mga yetgan.

Zavod aktivlarining umumiy qiymati birinchi chorakda oshib, 2025-yil oxiridagi 301 mlrd so‘mdan 418,8 mlrd so‘mga yetdi.

Korxona pasportiga ko‘ra, zavodda 159 kishi ishlaydi.

O‘zbek-xitoy qo‘shma korxonasi UzXCMG 2014-yilda Urganchda faoliyat boshlagan. Uning ta’sischilari “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi va Xitoyning Xuzhou Construction Machinery Group (XCMG) kompaniyasi bo‘lgan.

Korxona gidravlik ekskavatorlar, qurilish va maxsus texnika ishlab chiqarish, shuningdek, ularga texnik xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan.

Zavodning davlat ulushini sotish 2023-yildan beri rejalashtirilgan. O‘shanda u davlat aktivlarini xususiylashtirish dasturiga kiritilgan edi.