DW xabariga koʻra, raketa Kiyevning shimoli-sharqidagi Desnyanskiy tumanida joylashgan uyga tekkan. Binoning pastki sakkiz qavatidagi xonadonlarda yongʻin chiqqan.
Klichko 16 nafar jarohatlangan kishi kasalxonaga yotqizilganini, jabrlanganlarning toʻrt nafari ogʻir ahvolda ekanini bildirgan.
Mer, shuningdek, Solomenskiy tumanida dron ofis binosiga urilgani, Darnitskiy tumanida dron parchalari stadion hududiga tushgani va Desnyanskiy tumanida omborxona yonganini maʼlum qilgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning aytishicha, hujum nishoni Kiyevning asosiy energetika obyektlaridan biri - 4-issiqlik elektr markazi boʻlgan. Zarba Donald Tramp eʼlon qilgan energetik sulh fonida amalga oshirilgan.
Zelenskiy hamkorlar Ukrainani Rossiya ballistik raketalarni uchirgani haqida ogohlantirmaganini taʼkidlagan. U energetika obyektlari vayron qilinayotgan bir paytda hatto raketa uchirilishi haqida ogohlantirish olinmayotganini adolatsizlik deb baholagan.
Ukraina prezidenti AQSH voqealarni va urush davom etayotgani uchun kim javobgarligini koʻrishi muhimligini aytgan. U Ukraina razvedkasi maʼlumotlariga tayanib, Rossiya yangi ballistik raketa zarbalariga tayyorlanayotganini ham bildirgan.
Ayni kuni Vashingtonda jurnalistlar bilan gaplashgan Donald Tramp AQSH Ukrainaga razvedka maʼlumotlarini bermayotgani haqidagi xabarlarni rad etgan.
«Biz ularga yordam beryapmiz va razvedka maʼlumotlarini almashyapmiz», - degan Tramp. Uning soʻzlariga koʻra, AQSH urushni tugatish uchun Ukraina va Rossiya bilan ishlamoqda.
Avvalroq Tramp Vladimir Putin tinchlik kelishuviga Zelenskiydan koʻra koʻproq qiziqish bildiryapti, degan fikrni aytgan edi. Energetik sulhning buzilishi haqidagi savolga esa «qoidabuzarliklar har ikki tomondan boʻlganini» bildirgan.
Bu Ukraina shaharlariga soʻnggi kunlardagi navbatdagi hujumdir. 13-oktabrga oʻtar kechasi Xarkivga berilgan zarba oqibatida, shahar meri Igor Terexov maʼlumotiga koʻra, uch kishi halok boʻlgan. 12-oktabr oqshomida Kiyevdagi 25 qavatli uyga dron urilishi natijasida esa ikki kishi hayotdan koʻz yumgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi oʻz navbatida Kiyevdagi harbiy-sanoat korxonalari va logistika markazlariga, jumladan, dron ishlab chiqarish sexi hamda lokomotiv deposiga zarbalar berilganini daʼvo qilgan.



