Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusini yuqtirish oqibatida 4 381 kishi vafot etdi, infeksiya bilan kasallanganlar soni esa 9 066 nafarga yetdi. Bu haqda Associated Press mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, sentabr oyi oxirida mamlakatda Ebola oqibatida 3 900 ta o‘lim va 8 mingta infeksiya holati qayd etilgan. Shundan buyon kasallanganlar va vafot etganlar soni sezilarli darajada oshgan.
Qurbonlar sonining ko‘payishi tibbiyot xodimlari va davlat amaldorlarini xavotirga solmoqda. Qayd etilishicha, o‘lim holatlarining katta qismi tibbiyot muassasalaridan tashqarida sodir bo‘lgan.
Ebola epidemiyasi 15-may kuni Kongo Demokratik Respublikasining Ituri provinsiyasida rasman e’lon qilingan. Keyinchalik kasallik mamlakatning boshqa hududlariga, shuningdek, qo‘shni Ugandaga ham tarqalgan. Avgust oyi oxirida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Ugandada virus tarqalishi to‘xtaganini ma’lum qilgan.
JSST ushbu epidemiyani tarixdagi eng tez rivojlanayotgan epidemiyalardan biri sifatida baholagan. Tashkilot uning ko‘lami bundan o‘n yil avval G‘arbiy Afrikada kuzatilgan va 11 mingdan ortiq inson hayotiga zomin bo‘lgan yirik Ebola epidemiyasidan ham oshib ketishi mumkinligini bildirgan.



